JCH-2026 yangiliklari: O‘zbekistonning guruh bosqichidagi uchinchi raqibi aniqlandi, Eron AQSHdagi turnir o‘yinlarida ishtirok etadi, Meksika tashkilotchi maqomini saqlab qoladi
Aprel 01, 2026. 10:26 • 3 daq
• 122
TOSHKENT, 1-aprel. /“Dunyo” AA/. FIFA prezidenti Janni Infantino Eron terma jamoasi yozda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida ishtirok etishi, uning o‘yinlari jadvalga muvofiq AQShda o‘tkazilishini maʼlum qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri ESPN telekanaliga tayanib.
Eslatib o‘tamiz, musobaqaning asosiy turniri 11 iyun kuni start oladi va AQSh, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi. Eron terma jamoasi 15 va 21-iyun kunlari Los-Anjelesda Yangi Zelandiya va Belgiya terma jamoalari bilan uchrashishi kerak edi. Shu bilan birga, AQSh va Isroilning Eron bilan urushi tufayli jamoaning JCH-2026 ishtiroki bo‘yicha turli gap-so‘zlar chiqqan edi. Shundan so‘ng, Eron Futbol Federatsiyasi (FFIRI) FIFA bilan o‘yinlarni AQShdan Meksikaga ko‘chirish bo‘yicha muzokaralar olib bordi.
“Eron jahon chempionatida ishtirok etadi. Biz xursandmiz, chunki bu juda kuchli jamoa. Men juda baxtliman. O‘yinlar qurʼaga ko‘ra o‘tkazilishi kerak bo‘lgan joyda bo‘lib o‘tadi”, deya Janni Infantinoning so‘zlaridan iqtibos keltirilgan materialda.
Shuningdek, FIFA rahbari “Eronning o‘ynashini istaymiz va ular jahon chempionatida o‘ynashadi. Biz murakkab geosiyosiy vaziyatda yashayapmiz, lekin bizning vazifamiz – birlashtirish. Eron eng yaxshi sharoitlarda o‘ynashi uchun harakat qilamiz”, deya fikr bildirgan.
O‘z navbatida, FFIRI vitse-prezidenti Mehdi Muhammad Nabi “Biz uchun eng muhimi FIFA qoidalari va tartiblari. Biz uning barcha qarorlarini bajaramiz. Bizda muhim va samarali munozaralar bo‘lib o‘tdi. Janob Infantino terma jamoamizga kerakli yordamni ko‘rsatmoqda va futbolchilarga qo‘shimcha ishonch bag‘ishladi” deya o‘z mulohazalarini bayon etgan.
Eslatib o‘tamiz, mart oyida AQSh prezidenti Donald Tramp ijtimoiy tarmoqlarda Eron “jahon chempionatida xursand bo‘lishini” aytgan, biroq jamoa “o‘z xavfsizligi uchun” ishtirok etmasligi kerak, degan fikrni ham bildirgandi.
Janni Infantino mamlakatdagi eng yirik kartellardan birining rahbari o‘ldirilganidan keyin yuzaga kelgan tartibsizliklar tufayli o‘yinlar xavfsizligidan xavotirga qaramay, Meksika “jahon chempionatini muvaffaqiyatli o‘tkazishiga” yana bir bor ishonch bildirdi.
Bu orada O‘zbekiston terma jamoasining guruh bosqichidagi uchinchi raqibi ham maʼlum bo‘ldi. U Meksikada bo‘lib o‘tgan qitʼalararo pley-offda Yamayka terma jamoasini 1:0 hisobida mag‘lub etib, jahon chempionatiga yo‘llanma olgan Kongo Demokratik Respublikasi jamoasi bo‘ldi.
Endi O‘zbekiston terma jamoasining JCH-2026 guruh bosqichidagi to‘liq taqvimi quyidagicha ko‘rinish oldi (vaqt – Toshkent vaqti):
• 1-tur
18 iyun, 07:00
“Asteka” stadioni, Mexiko (Meksika)
O‘zbekiston – Kolumbiya
• 2-tur
23 iyun, 22:00
“NRG” stadioni, Xyuston (AQSh)
Portugaliya – O‘zbekiston
• 3-tur
28 iyun, 04:30
“Mercedes-Benz” stadioni, Atlanta (AQSh)
Kongo DR – O‘zbekiston
“AFP” agentligi surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi