Logo

O'zbekistonda za'faron yetishtirishda suv tejovchi nou-xaulardan foydalanilmoqda

Sentabr 30, 2024. 18:46 • 2 daq

823
O'zbekistonda za'faron yetishtirishda suv tejovchi nou-xaulardan foydalanilmoqda

TOSHKENT, 30-sentyabr. /"Dunyo" AA/. "BMB HOLDING" qishloq xo'jaligida, xususan, Jizzax viloyatining Baxmal tumanidagi za'faron plantatsiyalarida polshalik mutaxassislar bilan hamkorlikda sinov tariqasida "AgroNanoGel Basic" gidrogel mahsulotini qo'llay boshladi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ma'lumki, global iqlim o'zgarishi, ob-havo haroratining ko'tarilishi, suv resurslarining taqchilligi, qurg'oqchil hududlarning kengayib borishi mintaqamizni ham chetlab o'tayotgani yo'q.


Davlatimiz rahbari joriy yilning 25-sentabr kuni Samarqand shahrida bo'lib o'tgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilar kengashi IX yillik yig'ilishining ochilish sessiyasida ta'kidlaganidek, ayni paytda Markaziy Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligi va suv resurslari taqchilligi muammolari ayniqsa o'tkir tus olmoqda.


Mamlakatimiz yetakchisi Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan hamkorlikda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish bo'yicha Mintaqaviy markaz tashkil etish tashabbusini ilgari surganligi ham bejiz emas.


Mazkur holat sohada xorij tajribasidagi nou-xaularni qo'llash, suv resurslaridan maksimal darajada samarali foydalanishni taqozo etmoqda. Xususan, "BMB HOLDING" qishloq xo'jaligida, xususan, Jizzax viloyatining Baxmal tumanidagi za'faron plantatsiyalarida polshalik mutaxassislar bilan hamkorlikda sinov tariqasida "AgroNanoGel Basic" gidrogel mahsulotini qo'llay boshladi.


"AgroNanoGel Basic" (gidrogel) mahsuloti o'simliklar uchun suv zaxirasidir. Uning qo'llanilishi butun vegetatsiya davrida o'simliklar uchun optimal suv sharoitlarini ta'minlaydi. Mutaxassislarga ko'ra, qishloq xo'jaligida gidrogelning qo'llanilishi 40-45 foizgacha suvni tejash imkoniyatini beradi.


Gidrogel sinov yakuniga ko'ra ommalashtiriladi, qolaversa, za'faron va boshqa turdagi qishloq xo'jaligi mahsulotlarida suv sarfini sezilarli darajada kamaytiradi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish