Logo

TMK Xitoyda bo'lib o'tgan "China Mining – 2025" forumida O'zbekistonning yangi sanoat modelini taqdim etdi

Oktabr 27, 2025. 18:20 • 2 daq

91
TMK Xitoyda bo'lib o'tgan "China Mining – 2025" forumida O'zbekistonning yangi sanoat modelini taqdim etdi

TOSHKENT, 27-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Joriy yilning 23-25-oktyabr kunlari Xitoyning Tyanjin shahri jahon konchilik sanoatining markaziga aylandi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Bu yerda o'tkazilgan 27-Xitoy xalqaro konchilik konferensiyasi va ko'rgazmasi (China Mining Conference & Exhibition) global miqyosdagi eng yirik sanoat forumlaridan biri bo'ldi. Tadbirda 42 ta davlatdan 500 dan ortiq kompaniya ishtirok etdi.

Mazkur nufuzli forumda O'zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) mamlakatning yangi sanoat modeli – "kon–metal–bozor" (Mine–Metal–Market) qiymat zanjiri konsepsiyasini jahon konchilik auditoriyasiga taqdim etdi. Ushbu model xomashyoni qazib olishdan boshlab, yuqori qo'shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarish va uni global bozorga chiqarishgacha bo'lgan to'liq ta'minot integratsiyasini o'z ichiga oladi.

 

"Uzbekistan Mining Industry Promotion Day" – O'zbekistonning konchilik strategiyasi taqdimoti

 

Forumning eng muhim tadbirlaridan biri sifatida O'zbekistonning Xitoydagi elchixonasi va TMK tomonidan "Uzbekistan Mining Industry Promotion Day" road shousi tashkil etildi. Tadbir davomida O'zbekistonning konchilik siyosati, investitsion strategiyasi, sanoat transformatsiyasi hamda TMK faoliyati xalqaro ishtirokchilar e'tiboriga taqdim etildi. Ushbu taqdimot xalqaro ekspertlar tomonidan yuksak baholanib, O'zbekistonning mintaqaviy konchilik bozoridagi raqobatbardosh pozitsiyasini mustahkamladi.

 

"O'zbekiston kuni" – sanoat va madaniyat uyg'unligi

 

Forumning eng yorqin lahzalaridan biri TMK tomonidan tashkil etilgan "O'zbekiston kuni" bo'ldi. Tadbir davomida o'zbek milliy kuy-qo'shiqlari va raqslari namoyish etilib, TMK O'zbekistonni nafaqat sanoat, balki madaniy jihatdan ham jozibador hamkor sifatida xalqaro maydonda taqdim etdi.

Forum davomida TMK delegatsiyasi Jinchuan Mining Group, CNMC, Handar Blasting, Sichuan Resources Group, CINF Engineering, Chinalco va boshqa yirik sanoat kompaniyalari bilan V2V uchrashuvlar va samarali muzokaralar o'tkazdi. Uchrashuvlar natijasida 10 dan ortiq yo'nalishda hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha kelishuvlarga erishildi.

BGRIMM Technology Group vakili Van Chjigo shunday dedi: "O'zbekiston biz uchun ushbu yo'nalishdagi eng muhim hamkorlardan biridir. Biz davlat strategiyasiga muvofiq, o'zbek hamkorlarimiz, jumladan TMK bilan birgalikda tog'-kon sanoatini samarali rivojlantirishga intilamiz. Tog'-kon va metallurgiya uskunalari, texnologik jarayonlarni ishlab chiqish hamda loyihalash sohalarida keng imkoniyatlar mavjud. Kelgusida bu hamkorlikni yana-da kengaytirish uchun katta salohiyat bor."

Forum yakunida TMK stendi "Best Promotion Award" mukofoti bilan taqdirlandi. Bu e'tirof O'zbekistonning sanoatdagi yangi qiyofasi va TMKning xalqaro miqyosda ishonchli hamkor sifatidagi obro'sini yana bir bor tasdiqladi.

TMKning "China Mining 2025" forumidagi ishtiroki O'zbekistonning konchilik salohiyatini global miqyosda namoyish etish, yangi hamkorliklar bosqichini ochish hamda "Kelajak metallari" konsepsiyasini dunyo maydoniga olib chiqish yo'lidagi muhim qadamlardan biri bo'ldi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish