O'zbekistonda yetishtirilgan dukkakli mahsulotlar Yevropa va Xitoyga eksport qilinadi
May 17, 2025. 14:55 • 3 daq
• 118
JIZZAX, 17-may. /"Dunyo" AA/. Kecha Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida BMB AGRO tarkibidagi dukkakli mahsulotlarni qayta ishlash korxonasining ochilish marosimi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
BMB HOLDING matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, Jizzax viloyati prokuraturasi hamda Arnasoy tumani hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda tumanda istiqomat qiluvchi bolajonlarning sunnat to'ylari ham o'tkazildi.
Tadbirda Arnasoy tuman aholisi, Jizzax viloyati hokimining qishloq va suv xo'jaligi masalalari bo'yicha o'rinbosari — Zafar Ro'ziyev, Jizzax viloyati prokurori Baxtiyor Ibrohimov, Jizzax viloyati IIB boshlig'i G'ayrat Qodirov, Arnasoy Jizzax viloyati soliq boshqarmasi boshlig'i Bobir Ismailov, tuman hokimi Odil Musanov hamda BMB HOLDING Kuzatuv kengashi raisi Bekzod Mamatqulov va OAV vakillari ishtirok etdi.
Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida faoliyat yuritayotgan BMB HOLDING tarkibidagi BMB AGRO korxonasi asosan qishloq xo'jaligi va eksportbop mahsulotlar yetishtirishga ixtisoslashgan bo'lib, Holding tomonidan sohaga zamonaviy texnologiyalar va ilmiy yondashuvlarni joriy etilayotganligi bugungi kunda hosilning sifati va miqdoriga ijobiy ta'sir ko'rsatmoqda.
Korxona tomonidan uzoq yillar davomida foydalanilmagan, sho'rxok va kamsamara beradigan yerlar o'zlashtirilib, qayta tiklash ishlari olib borildi. Ilmiy asosda amalga oshirilgan agrotexnik tadbirlar natijasida ushbu yerlarda so'nggi yillarda paxtadan gektariga 30–35 sentner, g'alladan esa 70-80 sentnergacha hosil olinmoqda.
Korxonaning faoliyati faqat don va paxta yetishtirish bilan cheklanmay, dukkakli ekinlar hamda poliz mahsulotlari — mosh, loviya, no'xat, tarvuz, qovun, qovoq hamda boshqa turdagi qishloq xo'jaligi mahsulotlarini ham o'z ichiga oladi. Yetishtirilgan mahsulotlar xalqaro talablarga muvofiq tozalanadi, kallibrlanadi, rang va hajmiga ko'ra saralanadi, tekislanadi, so'ng qadoqlanadi va xorijiy mamlakatlarga eksport qilinadi, ma'lum bir qismi ichki bozorga yetkazib beriladi, qolganlari esa BMB HOLDING tizimidagi boshqa korxonalarga qayta ishlash uchun yuboriladi.
BMB HOLDING tizimidagi klaster, Holding tarkibidagi korxonalar va hududdagi dehqon, fermer hamda tomorqa xo'jaliklari bilan birgalikda Arnasoy tumanidagi 50 gektar yer maydoniga nav sifati yuqori bo'lgan pomidor, 5000 gektar yer maydoniga mosh, 2000 gektarga loviya kabi dukkakli, 1500 gektarga qovun va boshqa poliz mahsulotlari kontraktatsiya shartnomasi asosida ekilib, yetishtirilgan mahsulotlar Yevropaning Latviya va Polsha davlatlariga, dukkakli mahsulotlar esa asosan Xitoyga eksport qilinmoqda. Yil boshidan bugungi kunga qadar jami 2,4 million dollarlik mahsulotlar xorijga eksport qilingan bo'lsa, yil oxiriga qadar bu ko'rsatkichni 10 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
BMB AGRO tarkibidagi dukkakli mahsulotlarni qayta ishlash korxonasining yillik quvvati 65000 tonnani tashkil qilib, unga Turkiya va Xitoy davlatidan keltirilgan, umumiy qiymati 6,5 milliard so'm bo'lgan zamonaviy texnologiyalar o'rnatilgan.
BMB HOLDING faoliyatida innovatsion va ilmiy yondashuv, samarali boshqaruv va barqaror rivojlanish asosiy ustuvor yo'nalish sifatida belgilangan bo'lsada, shuningdek, aholi bandligini ta'minlash, insonparvarlik va mehr-muruvvat kabi xalqimizga xos azaliy an'analarni ham doim yodda tutadi.
Bugungi tadbirda 50 nafar arnasoylik bolajonlarning sunnat to'yini tashkil etilishi ham fikrimizga yorqin dalil bo'la oladi. Ular uchun bayram dasturxonining tuzalgani, to'ybolalarga esdalik sovg'alarining topshirilishi, bolajonlarning har biri uchun bankdan omonat ochilib, hisob raqamlariga pul tushirib berilganligi ularning ota-onalarini ham birdek xursand qilishi tabiiy.
Bir so'z bilan aytganda, korxona kelgusida yer maydonlarini yanada kengaytirish, mahsulot turlarini va eksport hajmini bundanda oshirish, saxovat tadbirlarini ham muntazam o'tkazib borishni maqsad qilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Toshkentda "TransLogistica Uzbekistan – 2025" 21-xalqaro ko'rgazmasi ish boshladi