Logo

Germaniya OAV: O'zbekistonlik yoshlar Quyi Saksoniya federal o'lkasidagi kasb-hunar ta'limi markazida o'qishni boshladi

Oktabr 20, 2025. 09:17 • 2 daq

82
Germaniya OAV: O'zbekistonlik yoshlar Quyi Saksoniya federal o'lkasidagi kasb-hunar ta'limi markazida o'qishni boshladi

MELLENDORF, 22-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Germaniyaning ommabop "Hannoversche Allgemeine Zeitung" gazetasida ushbu mamlakatga kasbiy ta'lim dasturi bo'yicha o'qishga kelgan o'zbekistonlik yoshlar haqida maqola chop etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Yaqinda Quyi Saksoniya federal o'lkasining "Bau ABC" Mellendorf Yo'l qurilishi bo'yicha kasb-hunar ta'lim markazida o'n to'rt nafar bilimli, g'ayrat va shijoatli o'zbek yoshlari o'qishni boshlashdi", – deb yozilgan nashrda.

Ta'kidlanishicha, O'zbekiston yoshlari dastlab yurtimizdagi Gyote-Institutida nemis tilini В1 darajada o'rganib, Kasb-hunar ta'lim markazi tomonidan pilot loyiha doirasida Germaniyaga taklif etilgan. Talablar va Quyi Saksoniyadagi tegishli qurilish korxonalari o'rtasida kasbiy dual ta'lim shartnomasi tuzilgan. Ular o'qishning birinchi yili nemis tengqurlari qatorida Markazda amaliy va nazariy fanlardan bilim oladilar. Keyingi o'quv yilidan boshlab bir vaqtning o'zida qurilish tashkilotlarida ishlaydilar.

"O'zbekiston yoshlari shijoati, bilim olish va ishlashga bo'lgan ishtiyoqi bilan boshqalardan ajralib turadi. Germaniya tartib-qoidalariga ham tez o'rganishdi. Berilgan topshiriqlarni o'z vaqtida va ishtiyoq bilan bajarishlarini ko'rish zavq bag'ishlaydi",– deyadi markaz o'qituvchisi Andre Rauterberg so'zlaridan iqtibos keltirilgan materialda.

Shuningdek, maqolada vatandosh yoshlarimizning fikrlari keltirilgan. Xususan, 19 yoshli Oyatilla Ahmadaliyev o'qish va yaratilgan sharoitlardan juda mamnunligini hamda kasbiy ta'limni tugatganidan so'ng soha bo'yicha o'qishni davom ettirib, Germaniyada ishlash istagini bildirgan.

"Germaniyaga kasbiy ta'lim olish uchun jalb qilinayotgan yoshlar soni ortib bormoqda. Bu borada "Papenburg" va "Depenbrock" kabi yirik qurilish kompaniyalari yetakchilik qilmoqda. Ushbu pilot loyihadan so'ng O'zbekistondan yana-da ko'proq yoshlarni jalb etish ko'zda tutilgan", – deyilgan nemis bosma nashri maqolasida.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish