O'zbekiston delegatsiyasi Boshqirdiston Respublikasida samarali uchrashuv va muzokaralar o'tkazdi
Iyul 18, 2025. 20:00 • 59 soniya
• 113
TOSHKENT, 18-iyul. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Olimjon Abdullayev boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Volgabo'yi federal okrugiga xizmat safari doirasida 16 iyul kuni Ufa shahriga tashrif buyurdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

TIV ma'lumotiga ko'ra, Boshqirdiston Respublikasi rahbari Radiy Xabirov bilan uchrashuvda hamkorlikning dolzarb yo'nalishlari, jumladan, O'zbekiston fuqarolarini ijtimoiy himoya qilish, malakalarni tan olish va kasbiy ta'limni rivojlantirish, patentni rasmiylashtirish tartib-taomillarining bir qismini O'zbekistonga o'tkazish masalalari muhokama qilindi.
Boshqirdiston rahbari O'zbekiston fuqarolari mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga salmoqli hissa qo'shayotganini ta'kidlab, mehnat migrantlarini tizimli qo'llab-quvvatlashni yanada kuchaytirishga tayyorligini tasdiqladi.
Tomonlar iqtisodiyot, investitsiyalar, logistika, ta'lim va madaniyat sohalaridagi hamkorlik istiqbollarini ko'rib chiqib, hududlararo va birodarlik aloqalarini rivojlantirish, qo'shma ishbilarmonlik tashabbuslarini yo'lga qo'yishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Xizmat safari doirasida ikki mamlakatning tegishli tuzilmalari tomonidan migratsiya sohasida maslahatlashuvlar, shuningdek, Rossiya musulmonlari markaziy diniy boshqarmasi raisi Talgat Tojuddin bilan uchrashuv o'tkazildi.
Muzokaralar yakunida noqonuniy migratsiyaga qarshi birgalikda kurashish va uyushgan holda ishga joylashtirishni kengaytirish masalalari bo'yicha ishchi guruh tuzishga kelishib olindi. Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo'yicha "yo'l xaritasi"ni ishlab chiqish va mamlakatlarimiz o'rtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirish maqsadida muntazam muloqotni davom ettirishga qaror qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Xorvatiya va Serbiyada bo‘lib turgan yoki ketayotgan O‘zbekiston fuqarolari diqqatiga!
Bokuda qiyin ahvolga tushib qolgan yurtdoshimiz vatanga qaytarildi