O'zbekiston diplomatlari Rossiyaning Xanti-Mansiysk avtonom okrugi hududlari mutasaddilari va tadbirkorlari bilan samarali muzokaralar o'tkazdi
Iyul 29, 2025. 15:20 • 2 daq
• 82
YUGRA, 29-iyul. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Yekaterinburg shahridagi Bosh konsulxonasi xodimlari xizmat safari bilan Rossiyaning Xanti-Mansiysk avtonom okrugida bo'lishdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Safar davomida Xanti-Mansiysk avtonom okrugining Sovet tumani va Nyagan shahri rasmiylari, ishbilarmon doiralar vakillari hamda ushbu hududda ishlayotgan vatandoshlar bilan uchrashuvlar o'tkazildi.
Jumladan, Sovet tumani hokimi Yevgeniy Burenkov va hudud tadbirkorlari bilan bo'lib o'tgan muloqot chog'ida O'zbekiston tomoni bilan hamkorlikni yo'lga qo'yish, yurtimizda qo'shma loyihalarni amalga oshirish, qishloq xo'jaligi mahsulotlari eksporti hajmini oshirish, biznes-missiyalar uyushtirish va boshqalar xususida fikr almashildi.
O'zbekiston turizm salohiyatiga alohida e'tibor qaratildi. Sayyohlar almashinuvini yo'lga qo'yish, yangi turizm mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqish muhimligi ta'kidlandi.
Migratsiya masalasi muloqotning asosiy mavzusi bo'ldi. Tuman mutasaddilariga ko'ra, mazkur hududda joylashgan korxona va tashkilotlarda ishchi kuchiga bo'lgan talab juda yuqori. Mazkur bo'sh o'rinlarga O'zbekistondan malakali ishchi kuchini qonuniy tartibda jalb qilish ehtiyoji mavjud.
O'zbekiston diplomatlari safar davomida taxta-yog'och mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug'ullanuvchi "Yugorskiy lesopromishlenniy xolding" bosh direktori Yuriy Krayev bilan muzokara o'tkazdilar. Natijada mazkur korxonaga O'zbekistondan ishchi kuchini jalb etish bo'yicha dasturni amalga oshirish va mamlakatimizning tegishli tashkilotlari bilan muzokaralarni boshlash to'g'risida kelishib olindi.
Safar davomida Xanti-Mansiysk avtonom okrugida bo'lib turgan hamyurtlarimiz uchun sayyor konsullik qabuli o'tkazildi. Qabul davomida konsullik-huquqiy masalalar haqida so'zlab berildi, vatandoshlarimizning pasport, Vatanga qaytish guvohnomasini rasmiylashtirish va boshqa murojaatlar tegishli tartibda hal etildi.
Bosh konsulxona xodimlari safar davomida, shuningdek, Nyagan shahri Dumasi raisi Vasiliy Merkulov va shahar ma'muriyati xodimlari, yirik ish beruvchilar, ishbilarmon doiralar vakillari hamda turagentliklar rahbarlari bilan ham samarali muzokara o'tkazdilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Xorvatiya va Serbiyada bo‘lib turgan yoki ketayotgan O‘zbekiston fuqarolari diqqatiga!
Bokuda qiyin ahvolga tushib qolgan yurtdoshimiz vatanga qaytarildi