Turkiyaning Nig'de viloyatidagi yirik fermer xo'jaliklari O'zbekistondan qonuniy asosda ishchi kuchini jalb etishdan manfaatdor
Iyul 10, 2025. 12:38 • 2 daq
• 203
NIG'DE, 10-iyul. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi diplomatlari va Migratsiya agentligi vakillari amaliy safar bilan Turkiyaning Nig'de viloyatida bo'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Safar davomida O'zbekiston vakillari Nig'de viloyati Chorvadorlar uyushmasi rahbari Bilgexan Guney bilan uchrashdilar.
Uyushma rahbari Bilgexan Guney muloqot avvalida mazkur tuzilma 14000 dan ortiq chorvadorlarlarni birlashtirishini, ular bugungi kunda malakali ishchi kuchiga ehtiyoj sezayotganini va mazkur bo'sh ish o'rinlariga O'zbekiston fuqarolarini jalb etishga yaqindan ko'mak berishga tayyorligini bildirdi.
Turkiya vakili O'zbekiston rahbariyati tomonidan migratsiya jarayonlarini tartibga solish, xavfsiz va tizimli mehnat migratsiyasini tashkil etish, xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan mamlakat fuqarolarini hamda ularning oila-a'zolarini qo'llab-quvvatlash borasida qabul qilinayotgan dasturlar va ularning mazmun-mohiyati bilan tanishtirildi.
Suhbat yakunida Uyushma rahbari bilan O'zbekistondan qonuniy asosda ishchi kuchini jalb etish va Nig'de viloyati mehnat bozoridagi amaldagi talablarni batafsil o'rganish bo'yicha muloqotlarni davom ettirish to'g'risida kelishib olindi.
O'zbekiston vakillarining navbatdagi manzili Tug'rul zotdor qoramollar va sut mahsulotlari yetishtirish korxonasi bo'ldi.
Dastlab bu yerda ishchilar uchun yaratilgan sharoitlar o'rganildi. Korxona rahbariyati bilan olib borilgan muzokaralarda O'zbekiston fuqarolarini tashkiliy ravishda ishga joylashtirish istiqbollari xususida fikr almashildi. Ma'lum qilinishicha, korxona tomonida ishchilar munosib maosh, uch mahal ovqat va yotoqxona bilan ta'minlanadi. Shuningdek, viza bilan bog'liq masalalar hamda ishlash ruxsatnomasini rasmiylashtirish va boshqa hujjatlar bilan bog'liq masalalar Turkiya tomoni zimmasida.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Xorvatiya va Serbiyada bo‘lib turgan yoki ketayotgan O‘zbekiston fuqarolari diqqatiga!
Bokuda qiyin ahvolga tushib qolgan yurtdoshimiz vatanga qaytarildi