Logo

Rossiya poytaxtida vaqtincha ishlayotgan vatandoshlar holidan xabar olindi

Avgust 23, 2025. 14:23 • 2 daq

56
Rossiya poytaxtida vaqtincha ishlayotgan vatandoshlar holidan xabar olindi

MOSKVA, 23-avgust. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi diplomatlari va Migratsiya agentligi vakolatxonasi vakillari Moskva shahrida ishlayotgan hamyurtlarimiz bilan uchrashuvlar o'tkazdilar, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Moskva shahridagi qurilish obyektlaridan birida mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz bilan kechgan muloqot chog'ida Rossiya Prezidentining 2024-yil 30-dekabrdagi "Chet el fuqarolarining huquqiy maqomlarini legallashtirish to'g'risida"gi Farmoni bandlari haqida ma'lumot berildi.


Moskva shahri, Boroviskoye ko'chasida joylashgan "Alfa Dom" nomli yotoqxonada va Tverskaya ko'chasi 7-uyda yashayotgan vatandoshlarimiz kechgan uchrashuvda ham Rossiyaning migratsiya to'g'risidagi qonunlariga amal qilish, hujjatlarni rasmiylashtirish tartiblari haqida so'zlab berildi.


 Xususan, 2025-yil 1-sentyabrdan boshlab Moskva shahri va poytaxt viloyatida vizasiz kiruvchi chet ellik fuqarolari uchun raqamli hisobga olish tizimi joriy etilishi, bu tizim orqali migrantlar maxsus mobil ilovani o'rnatishi va geolokatsiya orqali ro'yxatdan o'tishi shartligi aytib o'tildi. O'zbekiston rasmiy vakillari vatandoshlarimizning yashash va mehnat sharoitlari bilan ham tanishdilar.


Vatandosh ayollar bilan kechgan muloqotda ayrim ish beruvchilar tomonidan 3 oydan buyon ish haqi to'lanmayotgani ma'lum qilindi. Vaziyat yuzasidan ish beruvchi bilan to'g'ridan-to'g'ri muloqot o'rnatilib, qarzdorlikni qisqa muddat ichida bartaraf etish bo'yicha choralar ko'rildi. Shuningdek, murakkab hayotiy vaziyatga tushib qolgan 16 nafar ayol va bir nafar erkak fuqarolarimizga bir martalik moddiy yordam ko'rsatilishi belgilandi.


Uchrashuvlar yakunida vatandoshlarimizga huquqiy va ijtimoiy himoya masalalari bo'yicha qo'shimcha ma'lumot olish uchun telefon raqamlari taqdim etildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish