Logo

O‘zbekiston va AQSH mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

May 03, 2026. 09:10 • 3 daq

514
O‘zbekiston va AQSH mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

VASHINGTON, 3-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Furqat Sidiqovning AQSHning “Head Honchos LLC” rekruting kompaniyasi direktori Todd Miller bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralar davomida tomonlar uyushgan mehnat migratsiyasi sohasida, jumladan, “H-2A” mavsumiy qishloq xo‘jaligi bandligi dasturi doirasidagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Todd Miller O‘zbekiston elchixonasining sa’y-harakatlari tufayli respublika fuqarolari ushbu dasturda ishtirok etishiga ruxsat berilgan mamlakatlar ro‘yxatiga kiritilganini yuqori baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror Amerikadagi rekruting kompaniyalari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarida katta qiziqish uyg‘otib, xorijiy ishchi kuchini jalb etish sohasida amaliy hamkorlikning yangi bosqichini ochib bergan.

Amerika tomoni AQSHning agrar sektorida ichki resurslar cheklangan sharoitda ishchi kuchiga bo‘lgan barqaror yuqori talab saqlanib qolayotganini qayd etdi. Shu munosabat bilan xorijlik ishchilarni jalb qilish muhimligi alohida ta’kidlandi.

“Head Honchos LLC” rahbariyati O‘zbekiston fuqarolariga istiqbolli va ishonchli kadrlar manbai sifatida qiziqish bildirdi. Todd Miller shaxsiy hamkorlik tajribasiga tayanib, ularning mehnatsevarligi, intizomliligi, mas’uliyatliligi va ish jarayoniga yuqori darajada jalb etilganini alohida e’tirof etdi.

Uchrashuvda O‘zbekistonning mehnat migratsiyasi sohasidagi davlat siyosatiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Fuqarolarning huquqlarini himoya qilish hamda xorijda xavfsiz va qonuniy bandlikni ta’minlash ustuvor vazifa ekani ta’kidlandi. Bu borada O‘zbekiston Migratsiya agentligining imkoniyatlari tizimli hamkorlik uchun asos sifatida ijobiy baholandi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha bir qator kelishuvlarga, jumladan, “H-2A” dasturi doirasida O‘zbekiston fuqarolarini AQSH qishloq xo‘jaligi sohasiga jalb etish bo‘yicha uzoq muddatli o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga erishildi. Kompaniya nomzodlarni tanlash va tekshirishdan tortib, hujjatlarni rasmiylashtirish hamda ishga joylashtirishgacha bo‘lgan yollash jarayonlarini xalqaro standartlarga muvofiq amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolari uchun ingliz tilini, mehnat qonunchiligi asoslarini, mehnat madaniyati va qishloq xo‘jaligi ko‘nikmalarini o‘rgatishni o‘z ichiga olgan qisqa muddatli kompleks tayyorlov dasturlarini joriy etish to‘g‘risida kelishib olindi.

2000-yilda tashkil etilgan va Texas shtatining San-Antonio shahrida joylashgan “Head Honchos LLC” AQSH qishloq xo‘jaligi va boshqa mehnat talab tarmoqlariga xorijiy ishchi kuchini jalb qilishga ixtisoslashgan yetakchi rekruting tashkilotlaridan biri hisoblanadi. Kompaniya har yili uch mingdan ortiq xorijiy fuqaroning mavsumiy ishlarga joylashishiga ko‘maklashadi va mamlakat bo‘ylab 400 ga yaqin fermer xo‘jaligi bilan barqaror hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaydi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish