Buyuk Britaniyada vaqtincha ishlayotgan O'zbekiston fuqarolarining huquqlari himoyasi kuchaytiriladi
Sentabr 21, 2025. 14:34 • 54 soniya
• 106
LONDON, 21-sentabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi ko'magida O'zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev va Britaniyaning "Mehnat ta'minotchilari uyushmasi" (ALP - Association of Labour Providers) bosh direktori Devid Kemp o'rtasida uchrashuv tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Uchrashuv davomida mehnat migratsiyasi yo'nalishida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, Buyuk Britaniya qishloq xo'jaligi va qayta ishlash sohalarida mehnat qiluvchi o'zbekistonlik ishchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, qonuniy mehnat migratsiyasini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar mehnat bozorida shaffoflikni ta'minlash, ishchilarni noqonuniy agentliklardan himoya qilish hamda ularning ish haqi va mehnat shart-sharoitlari qonun doirasida kafolatlanishini ta'minlash muhimligini ta'kidladilar.
Shuningdek, uchrashuvda o'zbekistonlik ishchilarni Buyuk Britaniyada mavsumiy mehnat vizalari asosida jalb etish jarayonlarini samarali yo'lga qo'yish, ularga huquqiy va axborot ko'magi ko'rsatish hamda ikki tashkilot o'rtasida doimiy muloqot va tajriba almashishni yo'lga qo'yish yuzasidan kelishuvga erishildi.
ALP – Buyuk Britaniyaning mavsumiy ishlar, oziq-ovqat, sanoat, logistika kabi sohalarda ishchilarni yetkazib beruvchi va manfaatlarini qo'llab quvvatlovchi tashkilot hisoblanadi. Uyushma 300 dan ziyod yirik kompaniyalarni birlashtiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi