Rossiyaning Oltoy o'lkasi hukumati rahbariyati bilan mehnat migratsiyasi yo'nalishida hamkorlik istiqbollari kelishib olindi
Mart 09, 2025. 04:27 • 2 daq
• 212
NOVOSIBIRSK, 9-mart. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining Novosibirsk shahridagi vakolatxonasi bilan birgalikda Rossiyaning Oltoy o'lkasi hukumati rahbariyati va salohiyatli ish beruvchilar bilan onlayn muzokara o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda Iqtisodiy rivojlanish vazirligi, Oltoy o'lkasi mehnat va aholi bandligini ta'minlash boshqarmasi mas'ul xodimlari, "Selina", "Rikon" AJ, "Aleyskzernoprodukt" AJ, "Agrofirm Harvest" mas'uliyati cheklangan jamiyati, shuningdek, hududning Zonal tumani hokimligi qishloq xo'jaligi boshqarmasi va boshqa shu kabi yetakchi kompaniya, korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
Oltoy o'lkasi hukumati raisining o'rinbosari, Rossiyaning ushbu mintaqa bo'yicha iqtisodiy rivojlanish vaziri Yevgeniy Deshevix hamyurtlarimizni o'lkaning turli korxonalarida mehnatga jalb etish masalasiga alohida e'tibor qaratdi. Uning aytishicha, 2024-yil oxirida Oltoy o'lkasida ishlash uchun taklif qilingan 11 ming xorijiy ishchining olti mingdan ortig'i O'zbekiston fuqarolaridir.
– Bu O'zbekiston bilan Oltoy o'lkasi o'rtasidagi munosabatlar barcha sohalarda yuksak darajada ekanidan dalolat beradi, – dedi vazir. – Bundan tashqari, bu faol va o'zaro manfaatli hududlararo hamkorlik namunasidir.
O'zbekiston bosh konsuli Aslam Akbarov o'z navbatida, vatandoshlarimizni mazkur hudud korxonalarida, jumladan, qishloq xo'jaligi tashkilotlarida ish bilan ta'minlash masalasi muhimligini ta'kidladi. Yurtdoshlarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, Oltoy ish beruvchilari bilan tuzilgan mehnat shartnomasining barcha shartlariga qat'iy rioya etishga alohida e'tibor qaratildi.
Oltoy o'lkasi mehnat va bandlik boshqarmasi vakillari mamlakatimizdan mehnat muhojirlarini qurilish, sanoat, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, savdo va boshqa sohalarga jalb etishga imkoniyatlar borligini ma'lum qildi.
Qayd etilishicha, 2024-yilda berilgan mehnat patentlarining uchdan ikki qismi O'zbekiston fuqarolari hissasiga to'g'ri keladi.
Tomonlar O'zbekiston va Oltoy o'lkasi o'rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishning hozirgi bosqichida mamlakatimiz fuqarolarini Rossiyaning ushbu hududidagi turli korxonalarga ishga jalb etishga alohida e'tibor qaratishga kelishib oldilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Xorvatiya va Serbiyada bo‘lib turgan yoki ketayotgan O‘zbekiston fuqarolari diqqatiga!
Bokuda qiyin ahvolga tushib qolgan yurtdoshimiz vatanga qaytarildi