Logo

O'zbekiston sayyohlik salohiyati Varshavada bo'lib o'tgan "TT Warsaw–2025" xalqaro sayyohlik ko'rgazmasida taqdim etildi

Oktabr 14, 2025. 10:29 • 2 daq

51
O'zbekiston sayyohlik salohiyati Varshavada bo'lib o'tgan "TT Warsaw–2025" xalqaro sayyohlik ko'rgazmasida taqdim etildi

VARSHAVA, 14-oktyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi, Turizm qo'mitasi va mamlakatimiz turistik kompaniyalar vakillaridan iborat delegatsiya Varshavada bo'lib o'tgan "TT Warsaw 2025" xalqaro sayyohlik ko'rgazmasining ochilish marosimida ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda so'zga chiqqan Polsha Sport va turizm vazirligi davlat kotibi Ireneush Rash O'zbekistonning "TT Warsaw 2025" ko'rgazmasida sherik mamlakat sifatida ishtirokini yuqori baholab, ikki mamlakat sayyohlik sohasida katta salohiyatga ega ekanini ta'kidladi. Shuningdek, davlat kotibi 2024-yil 13-martdan boshlab Varshava-Toshkent yo'nalishida yo'lga qo'yilgan aviaqatnovlar mamlakatlarimizni yana-da yaqinlashtirganini aytib o'tdi. 

O'zbekiston diplomatik vakolatxonasi rahbari mazkur ko'rgazmada sherik mamlakat sifatida ishtirok etish respublika uchun muhimligini ta'kidlash barobarida, O'zbekiston 8000 dan ortiq madaniy meros obyektlari va ko'p asrlik tarixga ega mamlakat ekanini alohida urg'uladi. YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi 40 yildan so'ng ilk bor Samarqand shahrida o'tkazilayotgani tarixiy ahamiyat kasb etishi qayd etildi va ishtirokchilar ushbu tadbirda ishtirok etish uchun taklif qilindi.

Ochilish marosimidan so'ng, tadbirning faxriy mehmonlari O'zbekiston milliy pavilyoniga tashrif buyurdi. Davlat kotibi hamda O'zbekiston elchisi o'rtasida ikki tomonlama uchrashuv o'tkazildi. Muzokaralar yakunlariga ko'ra, turizm idoralari o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri hamkorlik aloqalarini kengaytirish, o'zaro tashriflarni faollashtirish hamda xalqaro tashkilotlar doirasida o'zaro tashabbuslarni qo'llab-quvvatlashga kelishib olindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish