Logo

O'zbekiston va Qozog'iston o'rtasidagi turizm diplomatiyasi jadallik bilan rivojlanmoqda

Oktabr 29, 2025. 19:29 • 2 daq

54
O'zbekiston va Qozog'iston o'rtasidagi turizm diplomatiyasi jadallik bilan rivojlanmoqda

OSTONA, 29-oktyabr. "Dunyo" AA/. Qozog'iston poytaxti Ostona shahrida "O'zbekiston – Ipak yo'li durdonasi" turizm forumi o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda mintaqa mamlakatlarining milliy turizm ma'muriyatlari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar, biznes va ekspert doiralari vakillari ishtirok etdi.

Forum madaniy, ekologik va ziyorat turizmi yo'nalishlarida qo'shma tashabbuslarni muhokama qilish, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, sayyohlik loyihalarining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish uchun muhim maydonga aylandi.

Markaziy Osiyoning sayyohlik yo'nalishlarini birlashtiruvchi "Buyuk ipak yo'li" mintaqalararo marshrutlarini rivojlantirish, shuningdek, mintaqani xalqaro bozorlarda yagona sayyohlik makoni sifatida ilgari surish borasidagi sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

Tadbirda eng muhim yangilik sifatida "Qazaq Air" tomonidan O'zbekistonning "turistik poytaxti" – Samarqand shahriga joriy yilning 7-noyabr kunidan boshlab to'g'ridan-to'g'ri aviareysni yo'lga qo'yish rejasi e'lon qilindi.

Forum davomida Andijon viloyatining "La Noza" moda uyi tomonidan an'anaviy o'zbek milliy kiyimlari namoyishi tashkil etildi. Shuxrat Vohidov va "Bahor" davlat raqs ansambli tomonidan taqdim etilgan konsert dasturi ishtirokchilarga manzur bo'ldi.

– O'zbek milliy kiyimlarining defilesi va san'at ustalarining chiqishlari bizga katta taassurot qoldirdi, – dedi O'zbekistonning Qozog'istondagi Turizm elchisi Lyazzat Agaxanova. – Bu shunchaki taqdimot emas – bu haqiqiy madaniy diplomatiya. U orqali O'zbekiston o'zini jahonga boy an'analar, go'zallik va mehmondo'stlik markazi sifatida namoyon etayapti.

–O'zbekiston tomonining taqdimoti bizga juda yoqdi. Mamlakatingizda turistik yo'nalishlarni rivojlantirishga alohida e'tibor berilmoqda, shuningdek moslashuvchan paketlar taklif etilyapti, – dedi turkompaniya rahbari Inna Rey. – O'zbekiston faqat madaniy meros emas, balki keng ko'lamli mehmon qabul qilishga tayyor bo'lgan zamonaviy turistik infratuzilmaga ham ega.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish