Logo

"National Geographic" jurnali: O'zbekiston – 2026-yil uchun jahon turizmidagi eng istiqbolli yo'nalishlardan biri

Oktabr 22, 2025. 15:31 • 2 daq

137
 "National Geographic" jurnali: O'zbekiston – 2026-yil uchun jahon turizmidagi eng istiqbolli yo'nalishlardan biri

LONDON, 22-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Jahonning nufuzli nashrlaridan biri – "National Geographic" jurnalida Xiva shahri – 2026-yil uchun jahon turizmidagi eng istiqbolli yo'nalishlardan biri sifatida taqdim etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nashrda Xiva O'zbekistonning nafaqat muhim madaniy shahri, balki Buyuk Ipak yo'lida joylashgan betakror tarixiy va madaniy markaz ekanligi ta'kidlangan. Shuningdek, "National Geographic" Xivani "ochiq osmon ostidagi muzey" va "Ipak yo'lining durdonasi" deya e'tirof etgan. "Ushbu shahar 2,5 ming yillik tarixga ega. U Markaziy Osiyoda birinchi bo'lib 1990-yilda YUNESKOning Butunjahon merosi ro'yxatiga kiritilgan", – deya ma'lum qilingan nashrda.

Maqolada, shuningdek, hozirgi vaqtda Xivada amalga oshirilayotgan infratuzilma loyihalari haqidagi ma'lumotlar mushtariylar e'tiboriga taqdim etilgan. "Jumladan, 2026-yil kuzida Toshkent–Samarqand–Buxoro–Xiva yo'nalishi bo'yicha yuqori tezlikdagi poyezd qatnovi yo'lga qo'yiladi.  Urganch xalqaro aeroporti esa zamonaviy talablar asosida rekonstruksiya qilinmoqda", – deyilgan manbada.

 "National Geographic" Xivadagi yangi turistik loyihalarni ham e'tirof etgan. Xususan, 2026-yilda ochilishi rejalashtirilgan "Mercure Khiva" besh yulduzli mehmonxonasi va yaqinda foydalanishga topshirilgan "Arda Khiva" majmuasi shaharning zamonaviy turistik markaz sifatidagi nufuzini oshirishi ta'kidlangan. Ushbu majmuada suv bog'i, qayiqlar yuradigan kanal va 3 ming o'rinli amfiteatrni o'z ichiga oladi.

Maqolada Xivadagi tarixiy yodgorliklar, shu jumladan, Islomxo'ja minorasi, Juma masjidi, Pahlavon Mahmud maqbarasi, Nurullaboy saroyi tarixi va shaharning boy madaniy hayoti qalamga olingan. 

"Lazgi" xalqaro raqs festivali, "Pahlavon Mahmud bahodirlar o'yinlari" va "Qovun sayli" kabi an'anaviy festivallar Xorazm madaniyatining jonli namunalaridir", – deb yozgan "National Geographic".

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish