Logo

Avstriyada O'zbekiston turizm salohiyatiga bag'ishlangan biznes-forum o'tkazildi

Oktabr 20, 2025. 10:38 • 2 daq

66
Avstriyada O'zbekiston turizm salohiyatiga bag'ishlangan biznes-forum o'tkazildi

VENA, 20-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Avstriya poytaxtida "Ipak yo'li durdonalari" nomi ostida O'zbekiston turizm salohiyatiga bag'ishlangan biznes-forum bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbir mamlakatimizning Avstriyadagi elchixonasi ko'magi bilan O'zbekiston Turizm qo'mitasi, "Milliy PR-markazi" davlat muassasasi va Ozarbayjon turizm byurosi vakillarining Yevropa davlatlaridagi "roud-shou"si doirasida tashkil qilindi.

Unda Avstriya, O'zbekiston va Ozarbayjon turistik kompaniyalari vakillari ishtirok etdi. 

Biznes-forumning ochilish qismida so'zga chiqqan O'zbekiston elchisi Baxtiyor Ibragimov davlatimiz rahbari boshchiligida yurtimizda so'nggi yillarda turizm sohasida amalga oshirilgan islohotlar haqida so'zlab berdi.

Ozarbayjon turizm byurosi rahbari Florian Zengstshmid mazkur tadbirga yuqori baho berib, ushbu formatda anjuman tashkil qilish g'oyasi joriy yil yanvar oyida Vena shahrida bo'lib o'tgan "Feriyen Messe" turistik ko'rgazmasi doirasida o'zbek sheriklar bilan muloqot natijasida tug'ilganligini ta'kidladi. "Hozirda Vena-Baku hamda Baku va O'zbekistonning bir nechta shaharlarini bog'lovchi to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlarning mavjudligi mazkur yo'nalishlar bo'yicha turlar tashkil etishda juda qulay sharoit yaratmoqda", – dedi u.

Tadbir davomida O'zbekiston va Ozarbayjon turizm idoralari vakillari tomonidan har ikki mamlakatning tarixiy va zamonaviy shaharlari to'g'risida taqdimotlar namoyish etildi.

"B2B" formatida bo'lib o'tgan uchrashuvlarda Avstriya sayyohlik kompaniyalari bilan ushbu mamlakatdan O'zbekistonga sayyohlar oqimini oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, tadbir davomida ishtirokchilar o'rtasida turli xil turistik xizmatlardan bepul foydalanish huquqini beruvchi sovrinli o'yinlar o'tkazildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish