Logo

Berlinda o'tkazilgan "Festival of Nations" xalqaro festivalda O'zbekiston stendi e'tirof etildi

Oktabr 04, 2025. 12:24 • 2 daq

42
Berlinda o'tkazilgan "Festival of Nations" xalqaro festivalda O'zbekiston stendi e'tirof etildi

BERLIN, 4-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Germaniya poytaxtidagi xalqaro maktabda o'tkazilgan "Festival of Nations" ("Xalqlar do'stligi") xalqaro festivalida ilk bor O'zbekiston madaniyati va turizmi salohiyati taqdim etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

30ga yaqin davlat ishtirok etgan an'anaviy festivalga ikki mingdan ortiq kishi keldi. An'anaga ko'ra, o'quv dargohidagi sinflar ota-onalari bilan birgalikda o'z stendlari uchun ovoz berish yo'li bilan dunyo mamlakatlaridan birini tanlashadi. Joriy yilda maktabning "4A" sinfi o'quvchilar va ota-onalar jamoasi ko'pchilik ovoz bilan O'zbekistonni tanlagani dunyo mamlakatlari orasida yurtimizga bo'lgan qiziqish ortib borayotganidan dalolat beradi.

Har yili kuz faslida o'tkaziladigan ushbu nufuzli festivalda O'zbekiston tomoni milliy stend va madaniy dastur bilan qatnashdi. Mazkur tadbirdan asosiy maqsad – ko'pmillatli o'quvchilar orasida madaniy xilma-xillikni rivojlantirish va bag'rikenglik g'oyalarini ilgari surishdan iborat.

Festivalda mamlakatimiz elchixonasi tomonidan O'zbekiston madaniyati va turizmi salohiyati ikkita stendda namoyish etildi. Amaliy san'at va hunarmandchilik buyumlari, milliy liboslar ko'rgazmasi hamda sayyohlik imkoniyatlari va ma'lumotlarni o'zida aks ettirgan tarqatma materiallar tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg'otdi. Gastronomiya stendida turli mevalar, shirinliklar va o'zbek milliy taomlari taqdim etildi.

Festival madaniy qismida o'zbek milliy raqslar ijro etildi. O'zbekiston stendi turli davlatlar stendlari orasida o'ziga xos milliylikni aks ettira olgan eng original stend nominatsiyasida g'olib bo'ldi.

"Berlindagi xalqaro maktabda tashkil etilgan "Xalqlar do'stligi" xalqaro festivalida O'zbekiston birinchi marta ishtirok etishiga qaramay, juda muvaffaqiyatli qatnashdi va ko'pchilikning e'tiboriga sazovor bo'ldi. Bu orqali tashrif buyuruvchilar mamlakat, uning madaniyati va san'ati bilan yaqindan tanishishga muvaffaq bo'ldilar. Bu imkoniyat uchun O'zbekistonga minnatdorlik bildiramiz", - dedi festival ishtirokchisi Lena Xergt.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish