Islomobodda O'zbekiston va Pokiston o'rtasida sog'liqni saqlash sohasidagi hamkorlikning zamonaviy yo'nalishlari muhokama qilindi
Oktabr 14, 2025. 19:02 • 2 daq
• 47
ISLOMOBOD, 14-oktyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev Pokiston Milliy sog'liqni saqlash xizmatlarini tartibga solish va muvofiqlashtirish federal vaziri Said Mustafa Kamal bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Suhbat chog'ida ikki mamlakat o'rtasida sog'liqni saqlash, aholiga sifatli tibbiy xizmatlar ko'rsatish, ilmiy va ta'lim sohasida hamkorlikni rivojlantirish, sohaviy ilg'or tajriba bilan almashish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv avvalida Federal vazir 2016-yilda mamlakatimizga qilgan tashrifini iliq xotirlar bilan eslab, uning go'zalligi, tarixiy va madaniy merosi, muqaddas qadamjolari hamda xalqimizning mehmondo'stligidan chuqur taassurot olganini ta'kidladi. U, shuningdek, O'zbekiston va Pokistonni bog'lab turuvchi tarixiy va madaniy rishtalarni e'tirof etib, bugungi global sharoitda mamlakatlar nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy va gumanitar yo'nalishlarda ham yaqindan hamkorlik qilishi zarurligini qayd etdi.
Pokiston tomoniga so'nggi yillarda yurtimizda tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, aholiga ko'rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, ayollar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, shuningdek, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berildi.
Sog'liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida qator yo'nalishlarda, xususan, Sog'liqni saqlash vazirliklari o'rtasidagi hamkorlikni huquqiy asosini mustahkamlash, tibbiy oliy ta'lim muassasalari o'rtasida qo'shma ta'lim dasturlari va ilmiy tadqiqotlarni yo'lga qo'yish, ikki mamlakat shifokorlari uchun malaka oshirish va stajirovkalar tashkil etish masalalarini birgalikda ishlab chiqishga kelishib olindi.
Shuningdek, dori vositalari va tibbiy uskunalarni ishlab chiqarish hamda sertifikatlash sohasida hamkorlik qilish, raqamli sog'liqni saqlash va telemeditsina yo'nalishlarida tajriba almashish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga tibbiy yordam ko'rsatish bo'yicha qo'shma gumanitar dasturlarni amalga oshirish imkoniyatlari ham ko'rib chiqildi.
Vazir Said Mustafa mamlakatimizga tashrif buyurib, O'zbekiston sog'liqni saqlash vaziri bilan o'zaro aloqalarni chuqurlashtirish masalalarini muhokama qilish rejasi haqida ham ma'lum qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Malayziya sayyohlik kompaniyalari bilan turizm bo‘yicha kelishuvlarga erishildi
Budapeshtda O‘zbekiston turizm imkoniyatlari bo‘yicha aksiya o‘tkazildi
Polshaning Reda shahrida o‘zbek turizm sohasi eʼtirof qilindi
Nemis ekspertlari O‘zbekistondagi turizm imkoniyatlarini yuqori baholadi
Goada O‘zbekiston turistik salohiyati va milliy modasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi