Ispaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar qayta tiklanmoqda
Aprel 20, 2026. 16:30 • 2 daq
• 196
MADRID, 29-aprel. /“Dunyo” AA/. Ispaniyaning nufuzli “Expreso” turistik portalida “Ávoris” kompaniyalar guruhi tarkibiga kiruvchi “Travelplan” turoperatorining O‘zbekiston yo‘nalishi bo‘yicha aviaqatnovlarni qayta yo‘lga qo‘ygani haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrning qayd etishicha, avvalgi mavsumlardagi muvaffaqiyatli tajribadan so‘ng, turoperator 2026-yilda yana ushbu yo‘nalishga qaytmoqda. “Travelplan” hozirda ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri charter reyslarini taklif etayotgan yagona kompaniya sifatida o‘z pozitsiyasini mustahkamlamoqda.
Sayohatlarning o‘ziga xos jihati shundaki, maxsus reyslar sayyohlarga Toshkentga uchib kelish va Urganchdan qaytish (yoki aksincha) imkonini beradi. Bunday qulay sxema vaqtni tejash va mamlakatning tarixiy markazlari bilan yana-da chuqurroq tanishish imkonini beradi. Dastur doirasida Samarqand, Buxoro va Xiva kabi Buyuk Ipak yo‘lining ramzi bo‘lgan shaharlarga mazmunli sayohatlar tashkil etilgan.
Maqolada taʼkidlanishicha, guruhli safarlar sifatini taʼminlash maqsadida guruhlarga o‘zbek madaniyati va tarixini mukammal biladigan ispan tilli gidlar hamrohlik qilmoqda.
Aviareyslar nafaqat Madriddan, balki Sevilya, Saragosa va boshqa hududiy aeroportlardan ham amalga oshirilmoqda. Masalan, 12-aprel kuni Santyago-de-Komposteladan uchgan “Airbus A330” havo kemasi 388 nafar sayyoh bilan to‘liq band bo‘lgani O‘zbekistonga bo‘lgan yuqori talabdan dalolat beradi.
“Bu dasturning tiklanishi ispan sayyohlari orasida O‘zbekistonga bo‘lgan doimiy va o‘sib borayotgan qiziqishga javobdir”, – deydi turoperator brend-menejeri Pura Sevilya.
“Travelplan” turoperatorining O‘zbekiston yo‘nalishi bo‘yicha aviareyslari bahorgi mavsum doirasida may oyining oxirigacha Sevilya, Saragosa va Madriddan muntazam qatnovlarni davom ettiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi