Logo

Kuala-Lumpur shahrining markaziy ko'chalarida O'zbekiston sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan videolavhalar namoyish etilmoqda

Oktabr 20, 2025. 20:02 • 1 daq

29
Kuala-Lumpur shahrining markaziy ko'chalarida O'zbekiston sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan videolavhalar namoyish etilmoqda

KUALA-LUMPUR, 20-oktabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan Kuala-Lumpur shahrining markaziy ko'chalarida va jamoat transportida mamlakatimizning turizm salohiyatiga bag'ishlangan targ'ibot kampaniyasi yo'lga qo'yildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mazkur loyiha O'zbekiston Turizm qo'mitasi bilan hamkorlikda Malayziyadan mamlakatimizga kelayotgan sayyohlar sonini oshirish maqsadida amalga oshirilyapti.

 Yurtimiz turizm salohiyati haqidagi videoroliklar Janubi-Sharqiy Osiyoning eng yirik "3D" formatdagi ekranda, dunyoning eng baland egizak minoralari – "Petronas Twin Towers" binosi qarshisidagi va "Pavillion" savdo markazi joylashgan Bukit Bintang ko'chasidagi ekranlarda namoyish etilyapti. Bundan tashqari, shaharning mahalliy aholi va sayyohlar eng ko'r keladigan markaziy ko'chalarida o'rnatilgan ekranlarda ham O'zbekiston haqidagi roliklarni ko'rish mumkin.

Shuningdek, videoroliklar Kuala-Lumpurning o'ziga xos ramzi bo'lgan – monorels yer usti metrosi bekatlaridagi ekranlarda ham namoyish etilmoqda.

 E'tiborlisi, ushbu ekranlarning barchasi Malayziya poytaxti aholisi va mehmonlari ko'p tashrif buyuradigan ishbilarmonlik, savdo-ko'ngilochar va gastronomik markazi bo'lgan "oltin uchburchak" hududida joylashgan. Mazkur loyiha mahalliy aholi va Malayziya mehmonlarida katta qiziqish uyg'otmoqda.

O'zbekistonning sayyohlik destinatsiyalari, qadimiy va zamonaviy me'morchilik durdonalari va betakror tabiati aks ettirilgan videoroliklar Kuala-Lumpur shahrining markaziy ko'chalaridagi yirik "LED" ekranlarda, jamoat transporti va metro bekatlarida 3 oy davomida namoyish etiladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish