Logo

Latviyalik turistlarning O'zbekistonga tashrifi amalga oshirildi

Noyabr 11, 2025. 17:20 • 2 daq

224
Latviyalik turistlarning O'zbekistonga tashrifi amalga oshirildi

RIGA, 11-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi hamda "Alsvets" kompaniyasi bilan hamkorlikda navbatdagi latviyalik turistlar guruhining O'zbekistonga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Latviya bozorida O'zbekistonning sayyohlik salohiyatini targ'ib etish, ikki mamlakat o'rtasida turistik aloqalarni kengaytirish maqsadida amalga oshirilgan ushbu tur dasturi doirasida sayohatchilar Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarini aylanishdi.

Turistlar yurtimizning YUNESKO Butunjahon merosi ro'yxatiga kiritilgan tarixiy obidalari, xalq hunarmandchiligi markazlari, boy tarixiy-madaniy meros, milliy an'ana va zamonaviy sayyohlik infratuzilmalari bilan yaqindan tanishdilar.

Latviyalik sayyohlarning ta'kidlashicha, O'zbekistondagi tinchlik, xavfsizlik, turistlarga ko'rsatilayotgan yuksak xizmat madaniyati ularda katta taassurot qoldirgan. Ular O'zbekistonni Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng jozibali va istiqbolli turistik maskan sifatida baholaydi.

Joriy yil Riga shahrida bo'lib o'tgan "BaltTour – 2025" 30-xalqaro sayyohlik ko'rgazmasida O'zbekistonning sayyohlik salohiyati "Alsvets" kompaniyasi bilan hamkorlikda namoyish etilgan edi. Mazkur tadbir Latviya jamoatchiligi va turizm sohasi vakillari o'rtasida katta qiziqish uyg'otdi. Ko'rgazmaning amaliy natijasi sifatida yil boshidan buyon "Alsvets" kompaniyasi bilan hamkorlikda 300 nafarga yaqin latviyalik turistlarning O'zbekistonga tashrifi amalga oshirildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish