Pokistonda O'zbekiston turizm brendi elchisi tayinlandi
Oktabr 25, 2025. 14:12 • 2 daq
• 77
ISLOMOBOD, 25-oktyabr. "Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan O'zbekistonning Pokistondagi turizm brendi elchisiga sertifikatni topshirishga bag'ishlangan "Madaniyatlarni birlashtirish: O'zbekistonning turizm salohiyati" mavzusida tantanali marosim tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda Pokiston Turizmni rivojlantirish korporatsiyasi ijrochi direktori Aftab ur Rehman Rana, yetakchi turkompaniyalar va operatorlar, ekspert-tahlil va akademik doiralari vakillari, OAV xodimlari va vatandoshlar ishtirok etdi.
Marosim avvalida ikki mamlakat davlat madhiyalari yangradi.
Tadbir O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayevning nutqi bilan boshlandi. Elchi o'z nutqida ikki mamlakat o'rtasidagi tarixiy, ma'naviy va madaniy rishtalar, yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar, olim va ulamolar, ularning nafaqat davlatlarimiz madaniy-ma'naviy hayotida, balki butun Islom olami tamaddunida tutgan o'rni haqida so'z yuritdi. Samarqand, Buxoro, Xiva, Qo'qon, Shahrisabz va Termiz shaharlarining ilmiy-ma'naviy meros sifatidagi ahamiyati alohida ta'kidlandi.
Alisher To'xtayev 30-oktyabrdan 13-noyabrgacha Samarqand shahrida bo'lib o'tadigan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi haqida ma'lumot berib, mazkur nufuzli tadbirning O'zbekistonda o'tkazilishi mamlakatimizning madaniyat, ilm-fan, ta'lim va kommunikatsiya sohalaridagi yutuqlariga xalqaro maydonda berilgan baho ekanini qayd etdi.
Diplomat, shuningdek, 28-oktyabrdan "Uzbekistan Airways" aviakompaniyasi "Toshkent-ISLOMOBOD" yo'nalishi bo'yicha aviparvozlar sonini ikkitaga yetkazayotganini, hozirda Lahor va Islomobodga muntazam reyslar amalga oshirilayotganini, yo'lovchilar uchun xalqaro standartlar asosida xizmat ko'rsatilayotganini ta'kidladi. Aviaqatnovlar sonining oshayotgani ikki mamlakat o'rtasidagi turizm va ishbilarmonlik aloqalarini yana-da rivojlantirishga xizmat qilishi urg'ulandi.
Pokiston Turizmni rivojlantirish korporatsiyasi ijrochi direktori Aftab ur Rehman Rana o'z nutqida, mazkur tadbirni Pokiston va O'zbekiston o'rtasidagi do'stona munosabatlar hamda turizm sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan muhim voqea sifatida baholadi.
– Ikki mamlakat o'rtasida turizm yo'nalishidagi munosabatlar izchil rivojlanmoqda, – dedi u. – Sohani yana-da rivojlantirish bo'yicha o'zaro tajriba almashish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan, ayrim yo'nalishlarda bir-birimizga namuna bo'ladigan jihatlar ham bor. "Uzbekistan Airways" tomonidan yo'lga qo'yilgan parvozlar ikki mamlakat sayyohlariga qulaylik yaratmoqda, safar muddatini qisqartirib, ziyorat va madaniy turizm imkoniyatlarini kengaytiryapti.
Marosimda elchi Alisher To'xtayev, Pokiston Turizmni rivojlantirish korporatsiyasi ijrochi direktori Aftab ur Rehman Rana va Pokistondagi Naqshbandiya silsilasi rahnamosi Shayx Muhammad Naqib ur-Rahman Hamid Mahmud Chaudriga "O'zbekiston turizm brendi elchisi" sertifikatini tantanali ravishda topshirdilar.
Shayx Muhammad Naqib ur-Rahman Hamid Mahmud Chaudri ushbu maqomni katta faxr va minnatdorlik bilan qabul qilganini bildirdi.
–Ziyorat va madaniy turizmni rivojlantirish, biznes va akademik turlar tashkil etish, ilmiy hamkorlikni kuchaytirish hamda ikki mamlakatning mutasaddi turizm tashkilotlari bilan hamkorlikda yangi loyihalarni amalga oshirishni yaqin istiqboldagi faoliyatimning ustuvor yo'nalishlari sifatida ko'ryapman, – dedi yurtimiz turizm elchisi. – O'zbekiston turizm brendi elchisi sifatidagi faoliyatimni sidqidildan va mas'uliyat bilan amalga oshirishga, turizm orqali ikki xalqni "qalban" yaqinlashtirishga, do'stlik rishtalarini mustahkamlovchi "ko'prik" bo'lishga bor imkoniyatlarimni safarbar qilaman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Malayziya sayyohlik kompaniyalari bilan turizm bo‘yicha kelishuvlarga erishildi
Budapeshtda O‘zbekiston turizm imkoniyatlari bo‘yicha aksiya o‘tkazildi
Polshaning Reda shahrida o‘zbek turizm sohasi eʼtirof qilindi
Nemis ekspertlari O‘zbekistondagi turizm imkoniyatlarini yuqori baholadi
Goada O‘zbekiston turistik salohiyati va milliy modasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi