Pokistonnning Lahor shahrida "O'zbekiston – Ipak yo'li durdonasi" shiori ostida targ'ibot tadbiri o'tkazildi
Oktabr 06, 2025. 11:10 • 3 daq
• 81
LAHOR, 5-oktyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi tomonidan Pokistonning Lahor shahrida "O'zbekiston – Ipak yo'li durdonasi" shiori ostida mamlakatimizning boy madaniyati va turistik salohiyatiga bag'ishlangan yirik targ'ibot tadbiri o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda Lahor savdo-sanoat palatasi prezidenti Fahim ur-Rehman Saigol, Pokistondagi "O'zbekiston-MDH savdo markazi" raisi Sohail Moten, Panjob turizmni rivojlantirish korporatsiyasi rahbariyati, mehmonxona va sayyohlik sohasidagi yirik biznes vakillari hamda mahalliy OAV qatnashdi.
Madaniy tadbirni O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev kirish nutqi bilan ochib berdi. Diplomat asrlar davomida ikki xalqni bog'lab turgan umumiy tarix, din va madaniy qadriyatlarning yangi davrda o'zaro aloqalarni izchil davom ettirishdagi alohida ahamiyati ta'kidladi. Buyuk Ipak yo'li orqali shakllangan hamkorlik va o'zaro aloqalar bugungi kunda turizm va madaniy almashinuvlar orqali qayta tiklanayotgani qayd etildi.
Elchi, shuningdek, Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz va Qo'qon kabi YUNESKO merosiga kiritilgan shaharlarning O'zbekiston boy sayyohlik salohiyatida tutgan o'rni haqida ham ma'lumot berdi. Ushbu shaharlar nafaqat islom sivilizatsiyasining yirik markazlari, balki pokistonlik ziyoratchilar va sayohat ixlosmandlari uchun ham jozibador yo'nalishlar ekani e'tirof etildi.
Yurtimizda joylashgan Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Bahouddin Naqshband kabi ulug' allomalarning maqbaralari ziyorat turizmida alohida ahamiyat kasb etayotgani ta'kidlandi.
Hozirgi vaqtda "Uzbekistan Airways" tomonidan "Toshkent-Lahor" va "Toshkent-Islomobod" yo'nalishida muntazam aviaqatnovlar amalga oshirilayotgani, ikki tomonlama bog'liqlik munosabatlarini yana-da chuqurlashtirish maqsadida 28-oktyabrdan boshlab Islomobod yo'nalishida parvozlar soni yana bittaga ko'paytirilayotgani ta'kidlandi.
"Bu nafaqat qulay transport yo'nalishi, balki ikki davlat o'rtasidagi do'stlik, savdo va hamkorlik rishtalarini mustahkamlovchi ko'prik hisoblanadi", dedi O'zbekiston elchisi.
Ishtirokchilarga O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar haqida ma'lumot berildi. Xususan, tarixiy yodgorliklarni restavratsiya qilish, turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish, ziyorat, ekologik, tibbiy, ekstremal va ishbilarmonlik turizmini rivojlantirish borasidagi ishlar alohida qayd etildi.
30-oktyabr – 13-noyabr kunlari YUNESKO Bosh konferensiyasi ilk bor Parijdan tashqarida, ya'ni Samarqand shahrida o'tkazilishi ma'lum qilindi. Mazkur yirik tadbirning O'zbekistonning xalqaro nufuzi ortib borayotganidan dalolat berishi qayd etildi.
Lahor Savdo-sanoat palatasi prezidenti Fahim ur-Rehman Saigol O'zbekistonda turizm infratuzilmasi va ziyorat turizmi sohasidagi islohotlarni yuqori baholab, O'zbekiston tajribasi Pokiston uchun namuna bo'lib xizmat qilishini ta'kidladi. U Panjob ishbilarmon doiralari va turizm kompaniyalarini mamlakatimiz bilan yaqindan hamkorlikni kengaytirishga, birgalikda yangi sayyohlik dasturlarini amalga oshirishda faol bo'lishga chaqirdi.
"O'zbekiston qisqa muddat ichida viza tartibini soddalashtirdi, parvozlar geografiyasini kengaytirdi va infratuzilmaga katta investitsiyalar kiritdi. Shuning uchun bugun O'zbekiston mintaqa turizm bozorida yetakchi o'rinni egallab bormoqda", – dedi Fahim Saigol.
"O'zbekiston-MDH savdo markazi" raisi Sohail Moten esa ikki mamlakatni bog'lab turgan umumiy sivilizatsion meros haqida to'xtalib, Samarqand, Buxoro, Xiva, Qo'qon hamda Lahor, Mo'lton va Peshovar kabi shaharlarda qo'shma ko'rgazma va forumlar o'tkazish taklifini ilgari surdi.
Tadbirda "Central Asia Tour-2025" motorallisi doirasida O'zbekistonga tashrif buyurgan sayyohlar o'z taassurotlari bilan o'rtoqlashdi.
Motoralli ishtirokchilari O'zbekistonga minnatdorlik ramzi sifatida mamlakatimizning Islomoboddagi elchixonasiga fotosuratlar to'plamini taqdim etdi.
Mazkur tadbir Lahor shahri va Panjob viloyati jamoatchiligi, sayyohlik va biznes doiralarida O'zbekistonning boy madaniy merosi va zamonaviy turistik salohiyatini targ'ib qilish, mamlakatimizning xorijiy sayyohlar uchun ochiq va xavfsiz yo'nalish sifatidagi nufuzini yana-da mustahkamlashga xizmat qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Malayziya sayyohlik kompaniyalari bilan turizm bo‘yicha kelishuvlarga erishildi
Budapeshtda O‘zbekiston turizm imkoniyatlari bo‘yicha aksiya o‘tkazildi
Polshaning Reda shahrida o‘zbek turizm sohasi eʼtirof qilindi
Nemis ekspertlari O‘zbekistondagi turizm imkoniyatlarini yuqori baholadi
Goada O‘zbekiston turistik salohiyati va milliy modasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi