Logo

O'zbekiston turizm salohiyati Turkmanistonda taqdim etildi

Oktabr 24, 2025. 17:28 • 2 daq

55
O'zbekiston turizm salohiyati Turkmanistonda taqdim etildi

ASHXOBOD, 28-oktabr. /"Dunyo" AA/. Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida O'zbekistonning turizm salohiyatiga bag'ishlangan tadbir bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda Turkmaniston davlat tashkilotlari, sayyohlik agentliklari va OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbir doirasida O'zbekiston turizm salohiyati, noyob tarixiy va madaniy merosi to'g'risida taqdimotlar o'tkazildi. Buyuk ipak yo'lidagi sivilizatsiya markazlari – Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Termiz va Shahrisabz shaharlarining sayyohlik imkoniyatlari namoyish etildi. Bu shaharlar YUNESKOning Butunjahon merosi obyektlari ekani va haqli ravishda ochiq osmon ostidagi muzeylar hisoblanishi qayd etildi.

Shu bilan birga, bugungi kunda O'zbekistonda ekoturizm, ziyorat turizmi, tibbiy turizm, gastronomik turizm, MICE (biznes) turizm, ekstremal va sarguzasht turizmi kabi sayyohlikning yangi turlarini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilayotgani ta'kidlandi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasi o'laroq, 2025-yil yanvar-sentyabr oylarida O'zbekiston 8,6 million xorijiy sayyohni qabul qilgani, bu o'tgan yilning shu davriga nisbatan 112,5 foizga ko'pligi qayd etildi. Joriy yil aprel oyidan buyon mamlakatga har oy 1 milliondan ortiq xorijiy sayyohlar tashrif buyurgani alohida e'tirof etildi.

Bundan tashqari, ishtirokchilarga 2025-yil 30-oktabr – 13-noyabr kunlari Samarqand shahrida o'tkaziladigan YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasi to'g'risida ma'lumot berildi.

Tadbirda ishtirok etgan turkman sayyohlik kompaniyalariga joriy yil 27-29-noyabr kunlari "Sentral Asian Expo" ko'rgazmalar majmuida bo'lib o'tadigan "Ipak yo'lida turizm" Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida faol qatnashishga taklif etildi.

 Turkmaniston tomoni so'nggi yillarda O'zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, xususan, sayyohlik infratuzilmasi tubdan yaxshilanib, tashrif buyuruvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilayotgani natijasida respublikaga kelayotgan xorijiy sayyohlar soni tobora ortayotganini bayon qildilar.

 

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish