Logo

Sirdaryo viloyati Xitoy biznesini yangi loyihalarga jalb qilmoqda

Aprel 04, 2026. 13:00 • 2 daq

39
Sirdaryo viloyati Xitoy biznesini yangi loyihalarga jalb qilmoqda

GONKONG, 4-aprel. /Dunyo AA/. O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligidagi delegatsiya Xitoyning Gonkong maxsus maʼmuriy hududiga tashrif buyurdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif doirasida delegatsiya aʼzolari Gonkong maʼmuriyati rahbari Djon Li Kachiu bilan uchrashib, hududlararo hamkorlikni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilish masalalarini muhokama qildi.

Muzokaralarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, savdo va logistika, sanoat, innovatsiyalar, axborot texnologiyalari va turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, investitsiya kompaniyalari orqali mahalliy sheriklar bilan hamkorlik qilish, startaplar, sunʼiy intellekt va taʼlim sohalarida qo‘shma tashabbuslarni rivojlantirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi Gonkong Bosh savdo palatasi raisi Agnes Chan hamda qator yirik kompaniyalar rahbarlari bilan davra suhbati o‘tkazdi. Unda 30 nafardan ortiq kompaniya vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda transport-logistika, turizm va axborot texnologiyalari sohalarida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Shu bilan birga, Gonkong kompaniyalarini Sirdaryo viloyatiga jalb qilish va ikki hudud savdo-sanoat palatalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish taklif etildi.

Delegatsiya aʼzolari Gonkong sanoat federatsiyasi vakillari bilan ham uchrashdi. Suhbat davomida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklik izchil rivojlanayotgani taʼkidlandi.

Gonkongning jahon moliyaviy markazi sifatidagi o‘rni, sanoat va innovatsiyalarni rivojlantirish borasidagi tajribasi alohida qayd etildi. O‘zbekiston tomoni Sirdaryo viloyatida loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy kompaniyalarni jalb qilishni taklif qildi.

Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirish va aniq qo‘shma loyihalar ustida ishlashni davom ettirishga kelishib oldi.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish