Logo

"Yevroosiyo yuragiga sayohat – 2025" ekspeditsiyasi a'zolari Samarqand va Buxoroda bo'ldi

Iyul 25, 2025. 07:33 • 55 soniya

55
"Yevroosiyo yuragiga sayohat – 2025" ekspeditsiyasi a'zolari Samarqand va Buxoroda bo'ldi

MOSKVA, 24-iyul. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi tomonidan Turizm qo'mitasi bilan birgalikda "Yevroosiyo yuragiga sayohat – 2025" xalqaro ekspeditsiyasi a'zolarining Samarqand va Buxoro viloyatlariga safari tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Safar davomida ekspeditsiya a'zolari Samarqand viloyatining Bulung'ur tumanidagi "Erganakli" mahallasida bo'lib, mahalliy aholi hayoti, turmush tarzi va qishloqda amalga oshirilayotgan yangilanishlar bilan tanishdi. Shuningdek, ekspeditsiya a'zolari mashhur Registon maydonida bo'ldi. Rossiya vakillari bu yerda milliy qadriyatlarimizni targ'ib qilish maqsadida tashkil etilgan "O'zbek milliy do'ppisi chellenji"da ishtirok etdi.

Buxoro viloyatiga safar davomida Ark qo'rg'oni, Poyi Kalon majmuasi, tarixiy savdo rastalari, Labi Hovuz ansambli kabi diqqatga sazovor joylar bilan tanishildi.

Bundan tashqari, ekspeditsiya a'zolari samarqandlik va buxorolik blogerlar bilan ham uchrashdi. Unda istiqbolda birgalikda hayotga tatbiq etiladigan ijodiy loyihalar kelishib olindi.

Ta'kidlash joizki, mazkur safar Samarqand va Buxoroning turizm salohiyatini xalqaro miqyosda keng targ'ib qilishga xizmat qiladi.

"Yevroosiyo yuragiga sayohat" ekspeditsiyasi – bu xalqaro biznes va madaniy-gumanitar tashabbus bo'lib, Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda Rossiyaning 30 dan ortiq shaharlarini qamrab oladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish