O'zbekiston Londondagi nufuzli "WTM 2025" Butunjahon turizm yarmarkasida ishtirok etmoqda
Noyabr 06, 2025. 08:42 • 2 daq
• 343
LONDON, 5-noyabr. /"Dunyo" AA/. 4-6-noyabr kunlari Buyuk Britaniya poytaxtida dunyodagi eng nufuzli turistik tadbirlardan biri – Butunjahon turizm yarmarkasi ("World Travel Market - WTM 2025") bo'lib o'tmoqda, deb xabar qiladi "Dunyo" AA muxbiri.

Unda O'zbekistonning YUNESKO Jahon merosi ro'yxatiga kiritilgan Buxoro, Samarqand, Xiva kabi tarixiy shaharlari, tabiat va ekologiya yo'nalishlari, hunarmandchilik maktablari, gastroturizm imkoniyatlari hamda zamonaviy mehmonxona infratuzilmasi milliy stend orqali xalqaro jamoatchilikka namoyish qilinmoqda.
Yarmarkada O'zbekiston Turizm qo'mitasi, Xorazm viloyati hokimligi, "Uzbekistan Airways" va yurtimizda faoliyat yuritayotgan yetakchi turoperatorlar ishtirok etmoqda.
Tadbir doirasida mamlakatimizning turizm qo'mitasi va viloyat hokimiyati vakillari, tadbirkorlar va xalqaro kompaniyalar o'rtasida B2B va B2C formatida muzokaralar o'tkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu uchrashuvlar qo'shma marketing dasturlarini ishlab chiqish, to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlarni kengaytirish, investitsion loyihalarga sarmoyadorlarni jalb etish hamda O'zbekiston brendlarini xalqaro bozorda yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Qayd etish lozimki, joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida Buyuk Britaniyadan O'zbekistonga tashrif buyurgan sayyohlar soni 20 ming nafarga yetdi. Ushbu ko'rsatgich o'tgan yilning mos davriga nisbatan 25 foizga ko'tarilgan (16 154 nafar).
O'zbekistonning "World Travel Market"da muntazam ishtirok etishi mamlakatning jahon turizm bozoridagi nufuzini oshirish, yangi hamkorlik platformalarini yaratish, investitsiyalarni jalb etish va xalqaro sayyohlar oqimini oshirishni maqsad qilgan. Tadbir mamlakatimiz brendlarini global turizm maydonida yana-da keng targ'ib etishda muhim ahamiyatga ega.
O'zbekistonning "World Travel Market"da muntazam ishtirok etishi mamlakatning jahon turizm bozoridagi nufuzini oshirishga qaratilganligi va mamlakatimiz brendlarini jahon maydonida yanada ilgari surishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur ko'rgazma 1980-yildan beri har yili Londonda o'tkazib kelinadi. Har yili WTMda 180 dan ortiq mamlakatlar, 5 mingga yaqin sayyohlik kompaniyalari va turoperatorlarning stendlari turizm sohasidagi 50 mingdan ortiq mutaxassislar tomonidan namoyish etiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi