Logo

Germaniyada O'zbekistonning sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan qo'llanma nemis tilida chop etildi

Dekabr 07, 2023. 08:40 • 2 daq

499
Germaniyada O'zbekistonning sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan qo'llanma nemis tilida chop etildi

BЕRLIN, 7-dekabr. /«Dunyo» AA/.  Germaniyaning yetakchi «Trescher Verlag» nashriyoti tomonidan «O'zbekiston: Ipak yo'li bo'ylab Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva tomon» nomli sayyohlar uchun qo'llanma nemis tilida chop etildi, deb  xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Mazkur qo'llanma nemis tilida so'zlashuvchi sayyohlarga mamlakatimiz hududlaridagi mashhur turizm maskanlari, tarixiy osori-atiqalar va ziyoratgohlar, ekologik, madaniy, gastronomik, sport va boshqa turdagi yangi turizm yo'nalishlari haqida batafsil ma’lumot olish imkonini beradi. Shuningdek, qo'llanmadan sayyohlar uchun zarur bo'lgan umumiy ma’lumotlar, jumladan, shaharlararo yo'nalishlar xaritasi, yirik mehmonxonalardan tortib uy-mehmonxonalargacha, o'zbek milliy taomlari turlari, sayyohlar uchun kerakli manzilgohlar, rasmiy internet sahifalari va boshqalar joy olgan.

Yangi tahrirda 500 betdan ziyod hajmda rang-barang suratlar bilan chop etilgan ushbu kitobdagi yana bir muhim yangilik – bu xorijlik sayyohning mahalliy aholi bilan oson muloqotga kirishishi uchun zarur bo'lgan nemis-o'zbek-rus tillaridagi lug'at hisoblanadi. Turistlar diyorimizning tarixiy-madaniy obidalaridan zavq olishlari bilan birga o'zbek adabiyotidan bahramand bo'lishlari uchun nemis tiliga o'girilgan asarlar ro'yxati va ulardan parchalar keltirilgan. Masalan, G'afur G'ulomning «Shum bola» asari ushbu kitobga kiritilgan.

Sayyohlik sohasi mutaxassislarining aytishicha, mazkur sayohat qo'llanmasi nafaqat Germaniya, balki boshqa nemis tilida so'zlashuvchi mamlakatlar fuqarolariga yurtimizning turistik jozibadorligi haqida ma’lumot berish bilan birga ularning xabardorligini oshiradi, qolaversa, Germaniyadan respublikamizga tashrif buyuradigan sayyohlar sonining ko'payishiga xizmat qiladi.

«Trescher Verlag» nashriyoti Germaniyaning turizm sohasidagi eng yetakchi nashrlaridan biri bo'lib, o'zining ishonchli va aniq ma’lumotlari bilan o'quvchilar e’tiborini qozongan. Bugunga qadar ushbu nashriyot tomonidan Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq, MDH va Afrika davlatlariga bag'ishlangan 160 dan ortiq sayyohlik qo'llanmalari chop etilgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish