Logo

Hindiston matbuoti aviatsiyani modernizatsiya qilish tufayli O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati oshganini taʼkidlamoqda

Aprel 25, 2026. 10:30 • 2 daq

678
Hindiston matbuoti aviatsiyani modernizatsiya qilish tufayli O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati oshganini taʼkidlamoqda

DEHLI, 25-aprel. /“Dunyo” AA/. Hindistonning turizm va sayohat yangiliklariga ixtisoslashgan nufuzli “Travel And Tour World” nashri O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi asosiy turistik xabga aylanayotganiga bag‘ishlangan tahliliy maqola eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Materialda O‘zbekiston aviatsiya tarmog‘ining modernizatsiya qilinayotgani mamlakatimizning xalqaro sayyohlar, jumladan, hindistonlik turistlar uchun jozibadorligini qanday o‘zgartirayotgani haqida batafsil so‘z yuritilgan.

Nashrda O‘zbekiston strategik transport chorrahasi sifatida faol o‘sish bosqichiga kirayotgani taʼkidlangan. Nashrning baholashicha, aviaqatnovlar ko‘lami kengayayotgani mamlakatimizning noyob madaniy merosi bilan tanishish uchun yangi imkoniyatlar ochadigan asosiy omillardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda.

“Travel And Tour World” tahririyati voqealarning bunday rivoj topishi O‘zbekistonning qulay tutashuv reyslari nuqtasi va mustaqil jozibador yo‘nalish sifatidagi ahamiyatini mustahkamlamoqda.

Material muallifi aviasayyohlar uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri va tutashuv reyslari ko‘paygani, aeroportlar infratuzilmasi yaxshilangani, sayohatlarni rejalashtirish tezlashgani, mintaqaviy yo‘nalishlar bilan uyg‘unlik kengaygani va boshqa afzalliklarga eʼtibor qaratgan. “Takomillashgan aviaqatnov sayohat qilish uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratmoqda”, deb taʼkidlagan nashr.

“Travel And Tour World”ning O‘zbekiston turistik salohiyatiga oid qarashlari alohida ahamiyatga ega. Nashr Buyuk ipak yo‘lining dunyoga mashhur Samarqand, Buxoro va Toshkent kabi shaharlaridan tashqari, betakror va mo‘l-ko‘l bozorlar, tabiatning go‘zal go‘shalari va cho‘l hududlariga sayohat turlariga urg‘u bergan.

Tahlilchilarning fikricha, bu O‘zbekistonni tarix ixlosmandlaridan tortib yangi turistik yo‘nalishlarga qiziqish bildiradigan sayyohlargacha bo‘lgan keng doiradagi mehmonlar uchun jozibador qiladi.

Nashrda qayd etilgan muhim jihat - O‘zbekistonning mintaqadagi bir necha mamlakat bo‘ylab sayohatlar uchun “darvoza” sifatidagi mavqei ortib bormoqda. Turistlar mamlakatimizga tashrif buyurib, qo‘shni davlatlarga ham sayohat qilishi mumkin.

Maqolada, shuningdek, O‘zbekistonning barqaror rivojlanishga intilishi taʼkidlangan. Aviatsiya tizimiga ekologik yechimlarni joriy etish va parvozlar samaradorligini oshirish mualliflar tomonidan global standartlarga mos keladigan masʼuliyatli yondashuv sifatida baholangan.

“Travel And Tour World” o‘z xulosasida ushbu o‘zgarishlarni “mintaqada turizm uchun yangi bosqichning boshlanishi” deb taʼriflagan.

Hindiston nashri O‘zbekiston transport qulayligiga sarmoya kiritish orqali Markaziy Osiyoning qoq markazida yetakchi sayyohlik yo‘nalishiga aylanish istagini ishonchli tarzda namoyish etayotganini qayd etgan.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish