Logo

O'zbekistonning turizm salohiyati Vena shahrida taqdim etildi

Iyul 22, 2024. 07:45 • 2 daq

218
O'zbekistonning turizm salohiyati Vena shahrida taqdim etildi

VЕNA, 22-iyul. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tashabbusi bilan Vena shahrida O'zbekiston turizm salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot tadbiri o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.



Unda Avstriya va Slovakiyaning siyosiy, madaniy-gumanitar, biznes doiralari, OAV va jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Taqdimotda O'zbekiston elchisi Baxtiyor Ibragimov ishtirokchilarga turizm sohasining iqtisodiyotimizdagi o'rni, YUNЕSKOning Jahon merosi ro'yxatiga kirgan mamlakatimizdagi obidalar, xorijiy sayyohlar va ushbu sohadagi biznes vakillari uchun yaratilgan qulayliklar to'g'risida batafsil so'zlab berdi.

Qarorgohi Venada joylashgan Avstriyaning O'zbekistondagi elchisi Mattias Radostich o'z nutqida, mamlakatimizda olib borilayotgan barcha yo'nalishlardagi keng qamrovli islohotlarni yuqori baholab, bu borada erishilayotgan yutuqlarni jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etayotganini ta’kidladi.

"O'zbekiston 2025-2028 yillarga mo'ljallangan BMTning Inson huquqlari qo'mitasi hamda 2025-2027 yillarga mo'ljallangan BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi a’zoligiga saylandi. Shuningdek, 2025 yilda YUNЕSKO Bosh konferensiyasi sessiyasini oxirgi 40 yil ichida birinchi bor ushbu tashkilot qarorgohi – Parijdan tashqarida, ya’ni Samarqandda o'tkazish bo'yicha qabul qilingan qaror O'zbekistonning turizm sohasida amalga oshirgan ishlariga munosib bahodir", dedi u.

O'zbekistonning turizm sohasidagi imkoniyatlarini hamda avstriyaliklarning chet mamlakatlarga sayohat qilishga bo'lgan katta qiziqishini inobatga olib, Avstriya elchisi mazkur sohada ikki tomonlama munosabatlarning ulkan istiqbollari mavjudligini qayd etdi. Joriy yil sentyabr oyida Toshkentda Avstriya elchixonasining iqtisodiy bo'limi ochilishi biznes yo'nalishidagi sayohatchilar soni ko'payishiga xizmat qilishi aytib o'tildi.

Avstriyaning "lass uns reisen" turistik kompaniyasi vakili Kalya Xine mamlakatimizning Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent kabi qadimiy shaharlari haqida taqdimot o'tkazdi.

"dreiD.at filmproduction" kompaniyasi loyiha rahbari Bruno Baumann esa O'zbekistonning xorijiy sayyohlar orasida yangi nigoh bilan kashf etilishiga ko'maklashish maqsadida yaqinda Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, yurtimizning tabiati, noyob hayvonot olami va o'simlik dunyosi haqida yangi maxsus hujjatli film suratga olish ishlari boshlanishi bildirdi.

Taqdimot yakunida turizm sohasida qo'shma loyihalar sonini oshirish, ikki mamlakat shaharlari o'rtasida aviaqatnovlarni yo'lga qo'yish masalasini ishlab chiqish, Avstriyada bo'lib o'tadigan xalqaro turistik ko'rgazmalarda O'zbekistonning milliy stendlari bilan faol ishtirok etish va shu kabi taqdimotlarni muntazam ravishda tashkil etishga kelishib olindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish