Logo

Yaponiya poytaxtidagi restoranlarda "O'zbekiston milliy nonushtasi" loyihasi yo'lga qo'yildi

Oktabr 09, 2025. 11:52 • 2 daq

77
Yaponiya poytaxtidagi restoranlarda "O'zbekiston milliy nonushtasi" loyihasi yo'lga qo'yildi

TOKIYO, 8-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tashabbusi bilan "Staple Co.,Ltd" kompaniyasi bilan hamkorlikda Tokio shahridagi "TASTE THE WORLD" restoranlar tarmog'ida joriy yil 1-oktyabrdan 30-noyabrgacha "O'zbekiston milliy nonushtasi" maxsus tadbiri o'tkazmoqda, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston elchisi Muxsinxo'ja Abdurahmonov mazkur restoranga tashrif buyurib, o'zbek milliy nonushtasi tarixi, mamlakatning turli hududlarida shakllangan taom an'analari va qadriyatlari, shuningdek, xalqimiz mehmondo'stligi va taom madaniyati haqida batafsil ma'lumot berdi.

Mehmonlar uchun maxsus tayyorlangan menyu "bir likopdagi milliy nonushta" konsepsiyasi asosida ishlab chiqilgan bo'lib, unda o'zbek xalqining sevimli taomlari jamlangan. Bir likopda non, qaymoq va asal, sabzavotli tuxum quymog'i, vitaminlarga boy sabzavot va mevali salat, shuningdek, mayiz, quritilgan o'rik va bodom kabilar o'rin olgan.

Shu bilan birga, qo'shimcha taomlar sifatida milliy taomlarimizdan somsa, moshxo'rda, paxlava, shuningdek, o'zbekona ko'k choy, ayron, mevali sharbatlar va boshqa an'anaviy ichimliklar mehmonlarga taklif etilmoqda.

Restoran interyeri ham o'zbekona ruhda bezatilgan bo'lib, unda Samarqand, Buxoro va Xiva kabi qadimiy shaharlarimizning suratlari, milliy naqshlar, an'anaviy kiyimlar va buyumlar namoyish etilgan. Shuningdek, mehmonlarga O'zbekiston madaniy merosi, milliy taomlari va sayyohlik salohiyati haqida tayyorlangan maxsus axborot bukletlari tarqatish maqsadida elchixona tomonidan milliy suvenirlar va ma'lumotnomalar restoran ma'muriyatiga taqdim qilindi.

Ikki oy davom etadigan loyiha doirasida O'zbekiston elchixonasi va restoranlar hamkorligida o'zbek milliy taomlarini tayyorlashga bag'ishlangan master-klasslar ham o'tkazilishi rejalashtirilgan.

 "Staple Co.,Ltd" kompaniyasi prezidenti Kimura Ken "O'zbekiston milliy nonushtasi" loyihasi nafaqat yurtimizning taom madaniyatini, balki xalqimizning mehmondo'stlik, samimiyat va qadimiy an'analarini ham yapon jamoatchiligiga yaqindan tanishtirishga xizmat qilayotganligini ma'lum qildi. "Joriy oktyabr oyidan boshlab "TASTE THE WORLD" tarmog'imizda "O'zbekiston milliy nonushtasi" maxsus loyihasini yo'lga qo'ydik. Bu Markaziy Osiyo mintaqasiga bag'ishlangan ilk loyiha hisoblanadi. Loyiha mehmonlarga katta qiziqish uyg'otyapti va to'rtta restoranimizga kuniga taxminan 200 nafar mehmon kelmoqda. Shubhasiz, bunday tashabbuslar ikki mamlakat do'stona aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi", dedi u.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish