O'zbekiston elchisi Qatar Tashqi ishlar vazirligida ishonch yorliqlari nusxasini topshirdi

Fevral 20, 2024. 17:06 • 2 daq

• 1563
O'zbekiston elchisi Qatar Tashqi ishlar vazirligida ishonch yorliqlari nusxasini topshirdi

DOXA, 20-fevral. /"Dunyo" AA/. Bugun O'zbekistonning yangi elchisi Ashraf Xo'jayev Qatar Davlat tashqi ishlar vaziri Sulton bin Saad Al-Murayxiyga ishonch yorliqlari nusxasini topshirdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Davlat vaziri elchini mas'uliyatli lavozimga tayinlangani bilan tabriklab, diplomatik faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.

Suhbat chog'ida ikki tomonlama ko'p qirrali hamkorlikning keng ko'lamli masalalari, shuningdek, Markaziy Osiyo — Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi formatidagi o'zaro hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.

Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning 2023-yil iyun oyida O'zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi va O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning o'tgan yil oktyabr oyida Doxaga buyurgan davlat tashrifi yakunlari ikki tomonlama munosabatlarga yangi sur'at bag'ishlagani alohida ta'kidlandi.

Iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish, o'zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish va qo'shma sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik qilishdan o'zaro manfaatdorlik bildirildi.

Turli darajadagi o'zaro aloqalarni faollashtirish, jumladan, joriy yilda tashrif va tadbirlarni tashkil etish bo'yicha kelishuvga erishildi.

Eslatib o'tamiz, O'zbekistonning yangi elchisi shu yil 11-fevral kuni Doxaga tashrif buyurdi. Tayinlovga qadar u TIVning Iqtisodiy diplomatiya departamenti direktori lavozimida ishlab kelayotgan edi. Ashraf Xo'jayev O'zbekistonning Qatardagi qarorgohi Doxada bo'lgan birinchi elchisidir.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish