O'zbekistonning yangi tayinlangan elchisi Shvetsiya Qiroliga ishonch yorliqlarini topshirdi
Noyabr 10, 2023. 09:52 • 2 daq
• 1084
STOKGOLM, 10-noyabr. /«Dunyo» AA/. Kecha Stokgolm shahrida O'zbekiston Respublikasi Favqulodda va Muxtor Elchisi Nodir G'aniyevning Shvetsiya Qiroliga ishonch yorliqlarini topshirish tantanali marosimi bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Rasmiy tadbir doirasida elchining Shvetsiya Qiroli bilan suhbati bo'lib o'tdi. Unda siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning muhim jihatlari muhokama qilindi.
Muloqot yakunida Shvetsiya Qiroli elchini lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi va uning mas’uliyatli faoliyati O'zbekiston-Shvetsiya ko'p tomonlama munosabatlarini yanada rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Eslatib o'tamiz, Nodir G'aniyev 2022-yildan buyon O'zbekistonning yangi elchixonasini Muvaqqat ishlar vakili sifatida boshqarib kelayotgan edi. 2023-yil oktyabr oyida esa u Favqulodda va Muxtor Elchi etib tayinlandi. Diplomat 52 yoshda. U Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zbekiston Milliy universiteti)ning sharqshunoslik fakultetini tamomlagan. 1994-yildan buyon Tashqi ishlar vazirligi tizimida faoliyat yuritib, markaziy apparat va mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida turli lavozimlarda ishlagan.
Shvetsiyaga jo'nab ketishidan oldin TIVning Yevropa davlatlari va Yevropa Ittifoqi institutlari bilan hamkorlik boshqarmasi boshlig'i lavozimida faoliyat olib borgan.
O'zbekistoning Stokgolmdagi diplomatik vakolatxonasi xorijiy davlatlardagi 36-elchixonasi bo'ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi