Logo

O'zbekiston elchisi Turkiya Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

Iyul 09, 2025. 18:20 • 2 daq

186
O'zbekiston elchisi Turkiya Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

TOSHKENT, 9-iyul. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor Elchisi Ilhom Haydarov Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog'anga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Rasmiy marosimdan so'ng bo'lib o'tgan suhbat chog'ida O'zbekiston va Turkiya o'rtasidagi chuqurlashtirilgan keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarining bugungi holati va uni yana-da rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

O'zbekiston va Turkiya Prezidentlari o'rtasida samimiy va do'stona munosabatlar qaror topgani alohida ta'kidlandi. Yil oxiriga qadar rejalashtirilgan oliy va yuqori darajadagi tadbirlarga e'tibor qaratildi.

O'zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni, iqtisodiy diplomatiyani yana-da rivojlantirish uchun yuqori salohiyat mavjudligi, yaqin yillarda o'zaro tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard AQSh dollariga yetkazishning muhimligi qayd etildi.

Turkiya Prezidenti O'zbekiston elchisiga o'zaro munosabatlarni mustahkamlash yo'lidagi mas'uliyatli faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi hamda diplomatning o'z vazifalarini ado etishida barcha davlat tashkilotlari yaqindan ko'mak berishini qayd etdi.

Eslatib o'tamiz, O'zbekistonning Turkiyaga yangi tayinlangan elchisi Ilhom Haydarov 16-iyun kuni Anqara shahriga yetib borgan edi. U shu kunning ikkinchi yarmida Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Protokol Bosh boshqarmasi boshlig'i, elchi Ahmet Jemil Mirog'luga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi.

Ilhom Haydarov Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo'mitasi raisi etib saylangan Alisher Agzamxodjayev o'rniga tayinlangan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish