O‘zbekiston va AQSh yoshlari o‘rtasida ta’lim sohasidagi almashinuv kengaymoqda
Noyabr 10, 2026. 10:30 • 2 daq
• 234
SIETL, 10-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston bosh konsuli Ahror Burxanov AQShning “Foundation for International Understanding Through Students” (FIUTS) tashkiloti ijroiya direktori Aleks Radi bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Suhbat chog‘ida yoshlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, qisqa muddatli ta’lim dasturlari va tanishuv safarlarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda o‘zbekistonlik maktab o‘quvchilari va universitet talabalari uchun alohida dasturlarni ishlab chiqish taklif etildi. Maktab o‘quvchilarining Sietl va AQShning boshqa yetakchi shaharlariga safarlarini tashkil etish masalasi muhokama qilinib, tashrif chog‘ida kasb tanlash, yetakchilik ko‘nikmalarini rivojlantirish va amerikalik tengdoshlar bilan muloqot qilishga e’tibor qaratilishi rejalashtirildi. Talabalar uchun esa dasturlar texnologiya, muhandislik va tadbirkorlik sohalaridagi bilimlarni kengaytirishga qaratilgan.
Shuningdek, universitetlarda mashg‘ulotlar o‘tkazish, ilmiy laboratoriyalar bilan tanishish, “Microsoft” va “Amazon” kabi yirik kompaniyalarga borish hamda mutaxassislar bilan uchrashuvlarni dasturlarga kiritish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, AQSh Davlat departamenti tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan almashinuv dasturlarida O‘zbekiston yoshlarining ishtirokini oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Amerikalik yoshlarning O‘zbekistonga ta’lim va madaniy-ma’rifiy safarlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi. Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xivaning tarixiy-madaniy merosi bilan tanishishdan tashqari, universitetlar va IT-parkka tashrif buyurish, shuningdek, o‘zbekistonlik tengdoshlar bilan uchrashuvlar uyushtirish taklif qilindi.
Aleks Radi tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, Vashington universiteti va Bellvyu kolleji hamkorlari bilan birgalikda amerikalik talablarni dasturga jalb etish imkoniyatlarini o‘rganishga tayyorligini bildirdi.
Tomonlar amerikalik yoshlarning O‘zbekistonga safarlarini 2027-yil bahorida, o‘zbekistonlik yoshlarning Sietl shahriga safarlarini esa yozda tashkil etishni ishlab chiqishga kelishib oldilar. FIUTS ta’lim dasturlari loyihalarini tayyorlashga va manfaatdor muassasalar bilan muloqotni davom ettirishga tayyorligi ta’kidlandi.
FIUTS xalqaro ta’lim va madaniy dasturlarni amalga oshirib, xorijlik yoshlarning AQSh universitetlari, kompaniyalari va mahalliy jamoalari bilan aloqalarini rivojlantirishga ko‘maklashadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi