Logo

Ta'lim sohasidagi nufuzli britan kompaniyasi O'zbekistonda yangi dasturlarni joriy qilish imkoniyatlarini o'rganyapti

Avgust 21, 2024. 08:56 • 2 daq

163
Ta'lim sohasidagi nufuzli britan kompaniyasi O'zbekistonda yangi dasturlarni joriy qilish imkoniyatlarini o'rganyapti

LONDON, 21-avgust. "Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Britaniyaning "Pearson" ta'lim tashkilotining vitse-prezidenti Jeyn Beyker bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Jeyn Beyker tashkilot faoliyati, "Pearson" tomonidan taqdim etiladigan ta'limning barcha bosqichlaridagi xizmatlar ko'rsatish, darsliklar yaratish, onlayn kurslar, test tuzish amaliyoti, malaka va ko'nikmalarni hamda ta'lim muassasalarini baholash tizimlari haqida batafsil aytib o'tdi.

Ta'lim yo'nalishida O'zbekiston va Buyuk Britaniya hamkorligi muhim ahamiyat kasb etishi qayd etilgan holda, mazkur jabhada "Pearson" tashkiloti bilan aloqalarni yo'lga qo'shish har ikki tomon uchun manfaatli bo'lishi ta'kidlandi.

"Pearson" ta'lim tashkiloti vitse-prezidenti, shuningdek, O'zbekistonda ta'lim sohasida amalga oshiralayotgan keng ko'lamli islohotlarni va yoshlarning sifatli ta'lim olishi uchun yaratib berilayotgan sharoitlarni yuqori baholadi.

Tomonlar "Pearson" ta'lim dasturlarini O'zbekistonda keng joriy qilish, professional va oliy ta'lim muassasalari talabalari bitiruvchilari hamda mutaxassislarining Buyuk Britaniya universitetlari bilan o'zaro manfaatli asosda hamkorlikda ishlashlari uchun amaliy ko'mak ko'rsatishi to'g'risida ham fikr almashdilar.

"Pearson" vakillariga shu yil 5-17-oktyabr kunlari Toshkent shahrida o'tkaziladigan Markaziy Osiyo ta'lim forumida ishtirok etish taklifi bildirildi.

Shtab-kvartirasi Londonda joylashgan "Pearson" ta'lim xizmatlarini ko'rsatuvchi dunyodagi eng yetakchi kompaniya hisoblanadi. Tashkilot maktablar uchun darsliklar, onlayn o'quv kurslar, ularda baholash tizimini takomillashtirish, shuningdek, o'qituvchilarning malakasini oshirishda texnik yordam ko'rsatish yo'nalishlarida faoliyat olib boradi. Kompaniyaning dunyo bo'ylab 55 ga yaqin mintaqaviy ta'lim markazlari bor. Tashkilot tizimida 20 ming ziyod malakali mutaxassislar faoliyat ko'rsatadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish