Logo

Berlinda "Ayollarning jamiyat va biznesdagi roli: O'zbekiston-Germaniya tadbirkor ayollari" mavzusida xalqaro anjuman bo'lib o'tdi

Iyun 08, 2025. 10:56 • 4 daq

157
Berlinda "Ayollarning jamiyat va biznesdagi roli: O'zbekiston-Germaniya tadbirkor ayollari" mavzusida xalqaro anjuman bo'lib o'tdi

BERLIN, 8-iyun /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasida "Ayollarning jamiyat va biznesdagi roli: O'zbekiston-Germaniya tadbirkor ayollar dialogi" mavzusida xalqaro anjuman tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Sparkassenstiftung for International Cooperation e.V." jamg'arma kassalarining xalqaro hamkorlik bo'yicha fondi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Germaniyaning rasmiy va ishbilarmon doira vakillari, ayollar boshqaruvidagi nemis kompaniyalari rahbarlari, xalqaro ekspertlar, jamg'armalar va oliy o'quv yurtlari vakillari, O'zbekistondan kelgan delegatsiya, vatandosh tadbirkor ayollar hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

Anjumanning rasmiy ochilishida O'zbekiston elchisi Dilshod Axatov so'zga chiqib, anjuman ishtirokchilariga mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi o'rnini mustahkamlash, ayollar tadbirkorligini qo'llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar va erishilayotgan yutuqlar, ular uchun yaratilayotgan imkoniyatlar batafsil ma'lumot berdi. Diplomat ikki davlat ayol tadbirkorlari o'rtasida amaliy qo'shma loyihalarni hayotga tadbiq qilish orqali uzviy hamkorlikni yana-da kengaytirish har ikki tomon uchun ham manfaatli bo'lishini qayd etdi.

O'zbekiston Tadbirkor ayollari kengashi raisi Nozima Davletova ishtirokchilarni qutlab, mamlakatimizda "O'zbekiston – 2030" strategiyasi doirasida xotin-qizlarning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy faolligini oshirish, gender tenglikni qaror toptirish, ayollarning huquq va manfaatlarini ta'minlash bo'yicha keng ko'lamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ta'kidladi. U yurtimizda tadbirkor ayollar uchun yaratilayotgan sharoitlar va imtiyozlar haqida batafsil to'xtaldi.

Berlin Federal o'lkasi Ichki ishlar va sport vaziri Iris Shpranger o'z navbatida, yig'ilganlarni Berlin Federal o'lkasi boshqaruvchi bosh vaziri Kay Vegner nomidan o'zbek-nemis tadbirkor ayollari o'rtasida ilk bor o'tkazilgan anjuman ishtirokchilarini qutladi. U mamlakatlarimiz o'rtasida jadal rivojlanib borayotgan siyosiy-iqtisodiy munosabatlarni alohida qayd etib, Germaniya tomoni O'zbekiston bilan barqaror hamkorlik va ayol tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan dasturlarni yana-da kengaytirishga tayyor ekanligini ta'kidladi.

Tadbirning panel qismida O'zbekiston va Germaniyaning faol va tadbirkor ayollari tomonidan xotin-qizlarning jamiyat va iqtisodiyotdagi o'rni, tadbirkorlik faoliyati to'g'risida qilingan ma'ruzalar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg'otdi.

Anjuman doirasida germaniyalik vatandoshimiz Zuhra Rahmatova tomonidan asos solingan "Sanat Forum für Kunst, Kultur und Wissenschaft e.V." jamiyatining rasmiy ochilishi bo'lib o'tdi.

Mixaela Mum-fon Oldenburg, "Red Club"        ayollarni qo'llab quvvatlash jamiyati rahbari, huquqshunos:

– Bugungi tadbirda men ma'ruza bilan ishtirok etdim. Anjuman tufayli O'zbekistonda ayollarni, ularning tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlashga davlat rahbari tomonidan alohida e'tibor berilayotgani va bu borada juda katta ishlar amalga oshirilayotgani, shuningdek, mamlakatingiz elchixonasi ham bu yo'nalishda faol ishlayotganining guvohi bo'ldim.

Ma'ruzalar orqali katta yutuqlarga erishayotgan ko'plab o'zbek ayol tadbirkorlari faoliyati haqida xabardor bo'ldik va bu meni hayratda qoldirdi. Masalan, turmush o'rtog'ini yo'qotib, to'rt farzandi bilan qolgan, ammo barcha qiyinchiliklarni yengib o'tib, o'z kompaniyasini tuzgan va hozirgi kunda 80 ta ish o'rni yaratgan, atrofidagi ayollarga ham ko'maklashib kelayotgan o'zbek tadbirkor ayolining yutuqlari meni lol qoldirdi. Yoki xorijda ta'lim olib, farzandli bo'lishiga qaramasdan o'qishini muvaffaqiyatli yakunlagan, doktorlik ilmiy darajasiga ham erishgan va O'zbekistonga qaytib kelib, o'z tadbirkorlik faoliyatini yo'lga qo'ygan o'zbek ayollari bilan tanishdim. Bu yutuqlar e'tirofga loyiqdir. Mazkur natijalar O'zbekistonning to'g'ri yo'ldan borayotganidan dalolat beradi.

Matias Fos, "Sparkassenstiftung for International Cooperation e.V." tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo departamenti direktori: 

– O'zbekiston va Germaniya tadbirkor ayollari o'rtasida o'tkazilgan anjuman haqiqatda muloqot platformasi yaratish va tadbirkor ayollarni birlashtirish yo'lidagi birinchi qadam bo'ldi. Bu tadbirning asosiy maqsadi nafaqat biznes aloqalarini o'rnatish, balki muloqot orqali innovatsion g'oyalarni almashish, nou-xau va yangi bilimlarni o'rganish, munosabatlarni mustahkamlab, umumiy kelajakni qurish demakdir.

So'nggi yillarda O'zbekistonda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish borasida nafaqat xalqaro donorlar, balki mamlakat hukumati tomonidan ham katta ishlar amalga oshirildi. Bugungi kunda ushbu tashabbuslarning barchasini, xoh milliy, xoh xalqaro bo'lsin, ularni muvofiqlashtirish juda muhim. Shundagina O'zbekistonning ilg'or, ijobiy rivojlanishida ayollarning yana-da o'sishi va ijtimoiy faolligi uzoq muddatli ta'minlanadi.

Biz Toshkentdagi vakolatxonamiz orqali kelajakda ham ushbu jarayonni qo'llab-quvvatlashda davom etamiz.

Sabine Hyubner, "WeiberWirtschaft" ayollar tadbirkorligini qo'llab-quvvatlash jamiyati asoschisi, xalqaro ekspert:

– Bugungi tadbirga taklif etilganimdan juda xursandman. Ushbu tadbir men uchun O'zbekistonning iqtisodiy istiqbollari bilan yaqindan tanishish imkoniyatini berdi. Mamlakatda kechayotgan ulkan iqtisodiy yuksalish meni hayratda qoldirdi va quvontirdi. Shuningdek, bu yuksalishda xotin-qizlarning muhim o'rin tutayotgani, ularga, ayniqsa, tadbirkorlik sohasiga siyosiy e'tibor qaratilayotgani juda muhim deb o'ylayman.

 Fikrimcha, biz o'zbek-nemis ayollari oldida turgan ko'plab masalalar o'xshash. Ayollar o'z bizneslari uchun har doim moliyaviy rag'bat zarur, ammo ular ushbu yo'nalishda tajriba orttirishlari, malakaga ega bo'lishlari va birgalikda ko'proq yutuqlarga erishishlari uchun platforma bo'lishi kerak.   

   

Hanifa Soylu, Germaniya sotsial-demokratik partiyasining Gamburg federal o'lkasi bo'yicha hududiy raisi:

– O'zbekiston elchixonasida tashkil etilgan ayol tadbirkorlar anjumanida mamlakatingizning o'zida qanchalik innovatsiya borligini, joylarda ko'plab tadbirkor ayollar faol ekanligiga amin bo'ldim. O'zbekistonlik ayollar o'z loyihalarini taqdim etdilar. Ularning ham ro'zg'or, ham tadbirkorlik ishlarida erishayotgan muvaffaqiyatlari tahsinga sazovor. O'zbekistonda tadbirkor ayollarga yaratilayotgan imkoniyatlar maqtovga loyiq. Ma'ruzalardan shuni angladimki, O'zbekiston hukumati mamlakatda ayollarning yuqori lavozimlarga ko'tarilishini xohlaydi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish