Logo

Rossiyaning Xabarovsk o'lkasidagi vatandoshlar O'zbekiston hayotida kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar bilan tanishdi

Sentabr 08, 2024. 12:01 • 52 soniya

132
Rossiyaning Xabarovsk o'lkasidagi vatandoshlar O'zbekiston hayotida kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar bilan tanishdi

XABAROVSK, 8-sentabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari Rossiyaning Xabarovsk o'lkasida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirib kelayotgan vatandoshlar bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Uchrashuv davomida xorijda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizni ijtimoiy, huquqiy, moddiy va ma'naviy tomondan qo'llab-quvvatlash hamda xavfsiz mehnat migratsiyasini tashkil etish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar, ularning oilalariga moddiy jihatdan yordam berish borasida ko'rilayotgan chora-tadbirlar haqida so'zlab berildi.

O'zbekistonda ijtimoiy himoya tizimini yanada yaxshilash, ishsizlikni qisqartirish, fuqarolarning o'rtacha daromadini oshirish, iqtisodiyotning turli sektorlarida yangi ish o'rinlari yaratishni ko'zlab amalga oshirilayotgan islohotlarga urg'u berildi.

Uchrashuvning asosiy mavzusi shu yilning 27-oktabr kuni bo'lib o'tadigan O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari sayloviga ko'rilayotgan tayyorgarlik jarayoni bo'ldi. Vatandoshlar saylovda o'z nomzodlarini ilgari surayotgan siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturlari bilan tanishdilar. Mamlakatimizdagi beshta siyosiy partiya saylovlarda ishtirok etishi ta'kidlandi. Shuningdek, siyosiy partiyalarimiz tomonidan ilgari surilayotgan saylovoldi dasturlar haqida ham ma'lumot berildi.

Uchrashuv so'nggida vatandoshlar o'zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan diplomatlardan javob oldilar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish