Ashxobodda turkiy tillarning boy anʼanalari eʼtirof etildi
Yanvar 26, 2026. 11:09 • 2 daq
• 107ASHXOBOD, 26-yanvar. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning Ashxobod shahridagi elchixonasida “Butunjahon turkiy tillar oilasi kuni”ga bag‘ishlangan madaniy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda Turkiya, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Ozarbayjon elchixonalari vakillari, turkman jamoatchiligi hamda OAV vakillari qatnashdi.
Muloqot davomida elchixonalar diplomatlari turkiy davlatlarning uzoq yillik birodarlik, hamkorlik va hamjihatligi borasida alohida to‘xtalib o‘tdi. Milliy qadriyat va anʼanalar, sanʼat va madaniyat videoroliklar orqali namoyish etildi.
O‘zbekiston elchixonasi vakili o‘z nutqida 2025-yil noyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasi doirasida
15-dekabr sanasini “Butunjahon turkiy tillar oilasi kuni” deb eʼlon qilish to‘g‘risidagi muhim qaror qabul qilinganini taʼkidladi. Bu qaror turkiy xalqlarning ko‘p asrlik madaniy-maʼnaviy merosi, boy til anʼanalari va umuminsoniy tamaddun taraqqiyotiga qo‘shgan hissasining xalqaro miqyosda eʼtirofi ekanini ko‘rsatadi.
Ushbu qarorning ming yillar davomida ilm-fan, madaniyat va tillar muloqoti markazi bo‘lib kelayotgan Samarqandda qabul qilinishi alohida ramziy maʼno kasb etadi.
Tadbirda O‘zbekiston zaminining turkiy til va tafakkur rivojidagi tarixi ham alohida taʼkidlandi. Xususan, buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning ijodi turkiy tilni davlat, adabiyot va falsafa tili darajasiga ko‘tarib, uni jahon madaniyati xazinasiga olib kirgani urg‘ulandi.
Alisher Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn” asari turkiy tilning badiiy va maʼnaviy imkoniyatlarini ilmiy asosda namoyish etgan. Bu yili mamlakatimizda Alisher Navoiy tavalludining 585 yillik yubileyi keng nishonlanishi haqida axborot berildi.
O‘zbekiston zamini Mirzo Ulug‘bek kabi buyuk olimlar faoliyat yuritgan va ilmiy atamashunoslik rivojlangan makon sifatida ham turkiy madaniy merosda muhim ahamiyat kasb etadi. Ulug‘bek rasadxonasida yuzlab ilmiy atamalar turkiy tilda tizimlashtirilib, jahon ilmiy tafakkuriga xizmat qilgan.
Tadbirda turkiy tillarning nafaqat muloqot vositasi, balki xalqlar tarixini, tafakkuri, qadriyatlari va maʼnaviy dunyosi ifodalashi qayd etildi. Bugungi globallashuv davrida ushbu tillarni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazish barcha turkiy xalqlarning umumiy masʼuliyati ekani taʼkidlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



