Polshaning Plosk shahri va Toshkent viloyati o‘rtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yiladi

PLOSK, 12-marta. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi vakillari Polshaning Plosk shahriga tashrif buyurib, shahar meri Andjey Novakovskiy bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi hududlararo hamkorlikni yana-da rivojlantirish, iqtisodiy va madaniy aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda qator muhim kelishuvlarga erishildi. Xususan, Plosk shahri hamda Olmaliq, Chirchiq va Angren tumanlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha kelishuv bo‘lib o‘tdi.
2026-yilda Plosk shahri meri Andjey Novakovskiy boshchiligida Polsha ishbilarmonlari vakillaridan iborat biznes-missiyaning Toshkent viloyatiga tashrifini tashkil etish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Mazkur tashrif ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish va qo‘shma investitsiya loyihalarini ishlab chiqishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Shuningdek, Plosk shahrida joylashgan Mazoviya akademiyasi bilan taʼlim va ilmiy-tadqiqot sohalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, talabalar va mutaxassislar almashinuvini tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Davlat boshqaruvining mahalliy va quyi bo‘g‘inlaridagi vakolatli tuzilmalar o‘rtasida tajriba almashuvini yo‘lga qo‘yishga alohida eʼtibor qaratildi. Shahar infratuzilmasini rivojlantirish, aholi dinamikasiga mos ravishda ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish hamda zamonaviy shaharsozlikni rejalashtirish sohalarida amaliy hamkorlik rejalari belgilandi.
Bundan tashqari, madaniyat, sport va tibbiyot sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, Plosk sanoat va texnologiya parki bilan O‘zbekistondagi texnologiya parklari hamda erkin iqtisodiy zonalar o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi