Logo

O‘zbekiston elchisi va Hindistonning yetakchi kompaniya raxbari to‘qimachilik sohasida qo‘shma loyiha tashkil etishni muhokama qildi

Mart 12, 2026. 09:00 • 2 daq

153
O‘zbekiston elchisi va Hindistonning yetakchi kompaniya raxbari to‘qimachilik sohasida qo‘shma loyiha tashkil etishni muhokama qildi

KOLKATA, 12-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev Hindistonning trikotaj va ichki kiyimlar ishlab chiqarish sohasidagi yirik korxonalaridan biri - “Rupa” kompaniyasi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Kompaniya direktori Ramesh Agarval bilan G‘arbiy Bengaliyada bo‘lib o‘tgan uchrashuv O‘zbekistonda to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxonani ishga tushirish istiqbollariga bag‘ishlandi.

“Rupa” Hindiston bozorining yetakchi ishtirokchisi va xalqaro miqyosda tanilgan brend hisoblanadi. Kompaniya erkaklar, ayollar va bolalar uchun 8 mingdan ortiq turdagi kiyim-kechaklar ishlab chiqaradi, uning yillik aylanmasi 150 million dollardan oshadi. “Rupa” mahsulotlari iste’molchilarga yaxshi tanish bo‘lib, Osiyo, Afrika, Amerika va Yevropa mamlakatlariga eksport qilinadi.

Ramesh Agarval kompaniyaning Markaziy Osiyo va MDH davlatlari bozorlariga chiqish bo‘yicha strategik rejalari haqida so‘z yuritdi. U O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay investitsiya muhiti va keng imkoniyatlarni inobatga olgan holda, mamlakatimiz bilan hamkorlik qilishdan manfaatdorligini bildirdi. Tomonlar yangi eksport bozorlarini o‘zlashtirish maqsadida O‘zbekiston to‘qimachilik fabrikalaridan biri bilan qo‘shma korxona tashkil etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.

Ushbu muzokaralar O‘zbekiston-Hindiston savdo-iqtisodiy hamkorligida yangi bosqichni boshlab beradi. “Rupa” kabi yirik kompaniyaning O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi mamlakatimizning yengil sanoat sohasidagi global qo‘shimcha qiymat zanjirlariga integratsiyalashuvi yo‘lidagi muhim qadamdir.

“Rupa” bilan hamkorlik mahalliy ishlab chiqaruvchilarga trikotaj mahsulotlari tayyorlashda Hindistonning ilg‘or texnologiyalari va sifat standartlarini o‘zlashtirish imkonini beradi. Bu esa, o‘z navbatida, O‘zbekiston mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va hind sherigining global savdo tarmoqlaridan foydalangan holda mamlakatimiz eksport geografiyasini kengaytirishga xizmat qiladi.

Hindistonning yetakchi kompaniyalaridan biri tomonidan bildirilgan qiziqish O‘zbekiston to‘qimachilik tarmog‘idagi islohotlar samaradorligining tasdig‘i bo‘lib, Janubiy Osiyoning boshqa investorlari e’tiborini ham jalb etadi.

Erishilgan kelishuvlar ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, yengil sanoat sohasidagi O‘zbekiston-Hindiston sherikligini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish uchun qulay sharoit yaratadi.

Muzokaralar yakunida tomonlar loyihani amalga oshirishning amaliy bosqichiga o‘tish uchun O‘zbekistondagi ishlab chiqarish maydonchalarini batafsil o‘rganishga kelishib oldi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish