Logo

Pokistonning markaziy telekanallari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi

Dekabr 16, 2025. 09:39 • 2 daq

155
Pokistonning markaziy telekanallari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi

ISLOMOBOD, 16-dekabr. /“Dunyo” AA/O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning markaziy “Pakistan TV” telekanali direktori Adil Shaxzeb bilan uchrashdi, xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot avvalida elchi davlatimiz rahbari boshchiligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, OAVni har tomonlama rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, so‘z erkinligini taʼminlash yo‘nalishidagi o‘zgarishlar haqida to‘xtalib o‘tdi. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ko‘plab davlat va nodavlat telekanallar faoliyati yo‘lga qo‘yilgani taʼkidlandi.

Tomonlar O‘zbekiston–Pokiston OAV o‘rtasidagi hamkorlik holati va istiqbollari, qo‘shma ijodiy loyihalarni amalga oshirish, ikki mamlakat media vakillarining o‘zaro ijodiy safarlarini tashkil qilish, jurnalistlar va texnik xodimlar malakasini oshirish, o‘quv-seminarlarini uyushtirish kabi masalalarni muhokama qildi.

Adil Shaxzeb “Pakistan TV” faoliyati haqida maʼlumot berdi. Uning aytishicha, xorijiy OAV bilan tegishli sheriklik aloqalarini o‘rnatish orqali Pokiston jamoatchiligiga xalqaro maydonda kechayotgan voqea-hodisalar xususida tezkor va xolis axborotlar yetkazib berilmoqda.

“Pakistan TV” Rossiya va Ozarbayjon kabi davlatlarning markaziy telekanallari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan va tegishli memorandumlarni imzolagan. Ushbu hujjatlar orqali axborot, konsert dasturlari, madaniy-maʼrifiy dasturlar almashinuvi kabi yo‘nalishlarda ijodiy sheriklik yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekiston telekanallari bilan ham ijodiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish va Anglashuv memorandumini imzolashga tayyormiz”, – dedi Adil Shaxzeb.

Taʼkidlanishicha, mazkur kelishuvning imzolanishi, O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealar to‘g‘risida muntazam xolis va dolzarb axborot uzatish hamda almashish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. Shuningdek, O‘zbekistonning tashqi siyosati haqidagi axborotlar bilan Pokiston jamoatchiligini o‘z vaqtida xabardor etish, davlat va jamoat arboblari, ekspert va tahlilchilar, OAV vakillarining mamlakatlarimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqidagi fikr-mulohazalari bilan tomoshabinlarni muntazam tanishtirib borish ishlarini samarali tashkil etishga ham xizmat qiladi.

Pokiston tomoni ijodiy sheriklikni yo‘lga qo‘yish maqsadida “Pakistan TV” telekanali delegatsiyasining O‘zbekistonga safarini uyushtirish tashabbusini ilgari surdi.

Uchrashuv yakunida “Pakistan TV” telekanali bilan kelgusida O‘zbekistonda kechayotgan samarali islohotlar, yurtimizning boy madaniy merosi, turizm salohiyatiga bag‘ishlangan yangi teleloyihalarni tayyorlash va namoyish etishga kelishib olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Zebo Meliyeva

zebo@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish