O‘zbekiston vakili YUNЕSKOning ta’lim bo‘yicha yangi rahbari bilan uchrashdi

Iyun 18, 2026. 11:30 • 2 daq

221
O‘zbekiston vakili YUNЕSKOning ta’lim bo‘yicha yangi rahbari bilan uchrashdi

PARIJ, 18-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning YUNЕSKOdagi doimiy vakili Komil Muxtorov YUNЕSKO bosh direktorining ta’lim masalalari bo‘yicha yangi tayinlangan o‘rinbosari, professor Syun Chen bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Suhbat avvalida O‘zbekiston vakili professor Syun Chenni yangi tayinlov bilan tabriklab, YUNЕSKO ta’lim sektorining vazifalarini amalga oshirishda muvaffaqiyatlar tiladi.

Ta’lim tashkilot faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri ekani hamda Barqaror rivojlanishning 4-maqsadiga erishish, inson kapitalini yuksaltirish va yoshlarni zamonaviy chaqiriqlarga tayyorlashda alohida ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston va YUNЕSKO o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi Samarqandda muvaffaqiyatli o‘tkazilganidan keyingi o‘zaro hamkorlikning yangi sur’atiga alohida e’tibor qaratildi. 2026-yil 8-aprelda imzolangan O‘zbekiston va YUNЕSKO o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitim hamda 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi” aniq qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun zamin yaratishi qayd etildi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Prezidenti rahbarligida mamlakatda maktabgacha, maktab, kasb-hunar va oliy ta’lim sohalarida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani ma’lum qilindi. Sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, inson kapitalini rivojlantirish va milliy ta’lim tizimining xalqaro miqyosda ochiqligini oshirishga alohida ahamiyat qaratilayotgani ta’kidlandi.

YUNЕSKO vakillari respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarni va O‘zbekiston bilan hamkorlikning konstruktiv ruhini yuqori baholadi. Bosh direktor o‘rinbosari strategik sheriklikni yanada rivojlantirish, istiqbolli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va amaliy natijalarga erishish yo‘lida birgalikda ishlashga tayyorligini bildirdi.

Tomonlar yaqin istiqbolda O‘zbekiston va YUNЕSKOning markaziy qo‘shma loyihalaridan biriga aylanishi mumkin bo‘lgan kasb-hunar ta’limi va malakalar bo‘yicha global sammitga tayyorgarlik masalalarini ko‘rib chiqdi.

Muloqot jarayonida YUNЕSKO ko‘magida alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bolalar uchun inklyuziv ta’limni rivojlantirish platformasini yaratish tashabbusi hamda yoshlarni raqamli transformatsiya sharoitlariga tayyorlash va raqamli kompetensiyalarni rivojlantirishga qaratilgan “Sun’iy intellekt – maktab” loyihasi ham muhokama qilindi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish