Belarusdan munosabat: TXIF-2026 investitsiyaviy hamkorlikning yangi bosqichini shakllantirmoqda

Iyun 18, 2026. 19:30 • 3 daq

61
Belarusdan munosabat: TXIF-2026 investitsiyaviy hamkorlikning yangi bosqichini shakllantirmoqda

MINSK, 18-iyun. /“Dunyo” AA/. Belarus strategik tadqiqotlar instituti iqtisodiy tahlil bo‘limi boshlig‘i Irina Rusak “Dunyo” AAga V Toshkent xalqaro investitsiya forumi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

– Toshkent xalqaro investitsiya forumi besh yil ichida global sarmoyadorlar uchun Markaziy Osiyodagi yetakchi platformalardan biriga aylandi. Tadbirning qayta tiklanuvchi energetika va infratuzilmadan tortib, sanoat, agrosanoat majmuasi, raqamli iqtisodiyot va logistikagacha bo‘lgan mavzulari Yevroosiyo investitsiyaviy integratsiyasining keng qamrovli kun tartibini aks ettiradi.

Belaruslik tahlilchilar uchun forumning jahon miqyosidagi platforma sifatida tashkil etilishi va faoliyat yuritishi tajribasi qiziqarlidir. Masalan, 2022-yilda forumda 56 mamlakatdan delegatlar yig‘ilgan bo‘lsa, bu yil ishtirokchilar qatorida 100 ga yaqin mamlakatdan 60 dan ortiq hukumat delegatsiyalari vakillari ishtirok etmoqda.

Belarus uchun bunday tadbirlarda ishtirok etish mamlakatning sanoat rivojlanish darajasini tizimli ravishda namoyish etish, milliy investitsiya dasturidagi amaliy yechimlarni ilgari surish va Yevroosiyo kooperatsiyasi doirasida tajriba almashish imkoniyatidir.

Ayni paytda institutimiz SHHT iqtisodiy tahlil markazlari konsorsiumi a’zosi sifatida “Global chaqiriqlar sharoitida mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash omili sifatida SHHTga a’zo davlatlarda elektron tijoratni rivojlantirish” mavzusidagi yillik hisobotni tayyorlashda ishtirok etmoqda. Uning dastlabki natijalari shuni ko‘rsatadiki, bugungi kunda investitsiyaviy hamkorlik mutlaqo yangi bosqichga chiqqan.

Belarus strategik tadqiqotlar instituti O‘zbekistonning keng ko‘lamli xususiylashtirish dasturini amalga oshirish, sanoat sektori, energetika sohasi va boshqa yo‘nalishlarni modernizatsiya qilish borasidagi tajribasini diqqat bilan o‘rganmoqda.

O‘zbekiston YEOIIdagi kuzatuvchi sifatida elektron tijorat tovarlarining bojxona ma’muriyatchiligi jarayonlari hamda Belarus ko‘plab uyg‘unlashtirish jarayonlarining faol ishtirokchisi va tashabbuskori bo‘lgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bozorida savdo va investitsiya shartlarini kengaytirish bilan bog‘liq barcha jarayonlar bilan tanish.

Bugungi kunda O‘zbekiston Belarus tovarlari va xizmatlarini eksport qilish, uzoq muddatli investitsiyaviy hamkorlik uchun eng istiqbolli maydonchalardan biridir. Iqtisodiyotning barqaror o‘sishi, aholining yoshligi va modernizatsiyaga bo‘lgan ijtimoiy ehtiyoj ushbu bozorni Belarusning texnika, oziq-ovqat, qurilish materiallari, tibbiy buyumlar, IT va ta’lim xizmatlari ishlab chiqaruvchilari uchun jozibador qilmoqda.

Qisqa qilib aytganda, Toshkent xalqaro investitsiya forumi investitsiyaviy hamkorlikning yangi arxitekturasini mustahkamlamoqda va xalqaro ishtirokchilar uchun jozibador maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish