Frank-Valter Shtaynmayer: O‘zbekiston rahbariyati bilan samarali muzokaralar o‘zaro ishonch va hamkorlik yuqori darajada ekanini ko‘rsatmoqda
Iyun 18, 2026. 19:00 • 5 daq
• 74TOSHKЕNT, 18-iyun. /“Dunyo” AA/. Germaniya Federal prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer O‘zbekistonga ikki kunlik rasmiy tashrifini yakunlar ekan, ommaviy axborot vositalari vakillariga oliy darajadagi O‘zbekiston–Germaniya sammiti yakunlari yuzasidan intervyu berdi.
– O‘zbekistonga tashrifimiz davomida bizni an’anaviy o‘zbekona mehmondo‘stlik bilan kutib olishdi. Bugun esa biz o‘ziga xos bir voqeaning guvohi ham bo‘ldik. O‘zbekiston milliy futbol terma jamoasi mustaqillikning 35 yili mobaynida ilk bor jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgani bilan butun mamlakat haqli ravishda faxrlanmoqda.
Millionlab insonlar muxlislik qilgan birinchi o‘yin kutilganidek kechmadi, biroq oldinda guruh bosqichining yana ikkita uchrashuvi bor. Biz jamoaga chin dildan muvaffaqiyat tilaymiz va uning musobaqada yanada olg‘a borishiga umid qilamiz.
Ayni damda biz Islom sivilizatsiyasi markazi yonida turibmiz. Uning nomiga e’tibor bering – gap din haqida emas, aynan sivilizatsiya haqida bormoqda. Bu Markaziy Osiyoning islomgacha va islom davri tarixi haqida ta’sirchan tarzda hikoya qiluvchi yirik ilmiy-ma’rifiy markazdir.
Albatta, biz bu yerga faqat mamlakatning boy madaniyati va tarixi bilan tanishish uchun kelmadik. Tashrifning birinchi kunida asosiy e’tibor O‘zbekiston Prezidenti bilan bo‘lgan muzokaralarga qaratildi. Biz siyosiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, iqtisodiy aloqalarni kengaytirish istiqbollarini, ikki mamlakat odamlari o‘rtasidagi aloqalarni chuqurlashtirish yo‘llarini muhokama qildik.
Germaniya texnologiyalari O‘zbekistonda yaxshi tanilgan va yuqori qadrlanadi. Ko‘plab nemis kompaniyalari mamlakat iqtisodiyoti rivojiga allaqachon salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda. Ayni paytda, hamkorlik salohiyati hali to‘la ishga solinmagan. Aynan shuning uchun ham men bu yerga nufuzli ishbilarmonlar delegatsiyasi hamrohligida kelishni muhim deb hisobladim.
Tashrifimiz arafasida O‘zbekiston idoralari, korxonalari va nemis kompaniyalari o‘rtasida qator muzokaralar bo‘lib o‘tdi va ularning natijasida yangi kelishuvlar imzolandi. “Volkswagen” kompaniyasi O‘zbekistonda ishlab chiqarish korxonasini qurish va ishga tushirish to‘g‘risida qaror qabul qilganini mamnuniyat bilan qayd etaman.
“Rhenus” kompaniyasi yirik logistika markazi loyihasini amalga oshirayotgan bo‘lsa, “Henkel” mamlakatdagi sarmoyaviy ishtirokini kengaytirmoqda. Bular Germaniya biznesining O‘zbekistonga qiziqishi ortib borayotganini yaqqol ko‘rsatuvchi bir nechta misol, xolos.
Bu ko‘p jihatdan mintaqaning o‘ziga xos geografik joylashuvi bilan ham bog‘liq. Markaziy Osiyo yigirma yildan ortiq vaqtdan beri e’tiborimni tortib keladi. Germaniya nuqtayi nazaridan, bu mintaqa Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi eng muhim ko‘prikdir. O‘zbekiston o‘zining bog‘lovchi bo‘g‘in sifatidagi rolini doimo anglab kelgan va ana shu strategik ustunlikka tayanib, izchil siyosat yuritgan.
Odamlar o‘rtasidagi aloqalarga kelsak, yaqin yillarda ular faqat kengayib borishiga ishonchim komil. Bunga O‘zbekistondan bo‘lgan malakali mutaxassislarga Germaniyada osonroq ishga joylashish imkonini beradigan yangi Migratsiya va mobillik to‘g‘risidagi bitim xizmat qiladi.
Bunday imkoniyatlarga qiziqish ancha yuqori. O‘zbekiston aholisi har yili taxminan bir million kishiga ko‘paymoqda. Ko‘plab yoshlar uchun kasbiy kamolotga erishish nafaqat ichki mehnat bozori, balki xorijda ishlash istiqbollari bilan ham bog‘liq.
Shu bilan birga, bugungi kunda Germaniya yagona yo‘nalish emas. Butun dunyoda malakali kadrlar uchun raqobat ketmoqda va biz bu haqiqatni inobatga olishimiz zarur. Biroq, bizning mavqeyimiz ancha mustahkam ko‘rinadi. Hozirgi vaqtda 400 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi nemis tilini o‘rganmoqda va Germaniyaga qiziquvchilar soni ortishda davom etyapti.
Avval ham ta’kidlaganimdek, Markaziy Osiyo yigirma yildan ziyod professional faoliyatimda alohida o‘rin tutadi. 2006 yili Germaniya tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlayotganimda ushbu mintaqa bilan yanada faolroq hamkorlik qilish tashabbusini ilk bor ilgari surgan edim. O‘sha paytlarda biz va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi aloqalar ancha cheklangan, mintaqa davlatlarining o‘zaro munosabatlari esa murakkabligicha qolayotgan edi.
Keyinchalik, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyoga nisbatan faolroq siyosatini shakllantirishda ishtirok etishga muvaffaq bo‘ldim. Bundan juda mamnunman. Shu bois bu yerga muntazam kelib, yuz berayotgan o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatib bordim.
Bugun yigirma yillik tajribaga tayanib, ro‘y bergan o‘zgarishlar ko‘lamiga xolis baho bera olaman. Bu o‘zgarishlar, ayniqsa, O‘zbekistonda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. O‘tgan yillar davomida mamlakat siyosiy va iqtisodiy munosabatlarni ishonch bilan rivojlantirish mumkin bo‘lgan ishonchli va doimiy hamkorga aylandi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo Yevropa uchun nima sababdan alohida ahamiyat kasb etdi, degan savolga javoban quyidagilarni qayd etmoqchiman. O‘tgan yigirma yil ichida ulkan yo‘l bosib o‘tildi. Dastlab yaqinlashish jarayoni oson kechmagan bo‘lsa-da, bugungi kunda natijalar ko‘zga yaqqol tashlanib turibdi. Ushbu tashrif va O‘zbekiston rahbariyati bilan o‘tgan samarali muzokaralar o‘zaro ishonch va hamkorlik yuksak darajada ekanini ko‘rsatmoqda.
Fikrimcha, bugungi kunda iqtisodiyot, savdo-sotiq, sarmoya, ta’lim, ilm-fan va madaniy almashinuv sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratilgan. Aynan shu sababli, ushbu safar yakunlari bo‘yicha Germaniya, Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarning kelgusida yanada mustahkamlanishiga katta ishonch bilan qarayman.
Shu bois, ushbu tashrifni aynan shu yerda, O‘zbekistonda yakunlayotganimdan chin dildan mamnunman. Biz siyosiy muloqotni rivojlantirish barobarida xalqlarimiz o‘rtasidagi insoniy rishtalarni mustahkamlashga ham o‘z hissamizni qo‘shmoqdamiz.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


