O‘zbekiston va Yaponiya infratuzilma sohasidagi hamkorlik loyihalarini muhokama qildi

Avgust 23, 2026. 16:30 • 2 daq

102
O‘zbekiston va Yaponiya infratuzilma sohasidagi hamkorlik loyihalarini muhokama qildi

TOKIO, 23-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov Yaponiyaning yer, infratuzilma, transport va turizm vaziri o‘rinbosari Xajime Sasaki bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqotda Xajime Sasakining joriy yil 11–14-avgust kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi yakunlari muhokama qilindi. Yaponiyalik rasmiy tashrif doirasida Toshkent va Samarqandda o‘tkazilgan uchrashuvlar, Yangi Toshkentda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari katta taassurot qoldirganini taʼkidladi.

Suhbat davomida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan infratuzilma loyihalariga Yaponiya kompaniyalarini jalb etish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Shu bilan birga, “aqlli shahar” konsepsiyasini rivojlantirish, tabiiy ofatlarning oldini olish va texnik kadrlar tayyorlash yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida Xajime Sasaki Yaponiya tomoni mazkur yo‘nalishlarda O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, mamlakatdagi infratuzilma loyihalariga yapon kompaniyalarini jalb etishni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish