Ozarbayjonning O‘zbekistondagi yangi elchisi tayinlandi

Iyul 27, 2026. 16:31 • 2 daq

113
Ozarbayjonning O‘zbekistondagi yangi elchisi tayinlandi

TOSHKENT, 27-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bugun Ozarbayjonning mamlakatimizdagi yangi elchisi Rashad Mamedovni qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Ozarbayjon Respublikasining mamlakatimizdagi yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor Elchisi Rashad Mamedov janoblaridan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qildik, – deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining telegram-kanalida. – O‘zbekiston va Ozarbayjonni ko‘p asrlik qardoshlik rishtalari, mushtarak tarixiy va madaniy ildizlar hamda o‘zaro hurmat birlashtirib turadi. Davlatlarimiz rahbarlari o‘rtasidagi yuksak ishonchga asoslangan yaqin munosabatlar tufayli bu mustahkam poydevor bugun strategik sheriklik va ittifoqchilikning yangi mazmuni bilan boyib bormoqda.

Uchrashuvda siyosiy muloqotning yuqori surʼatini yuksak darajada davom ettirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, transport va logistika sohasidagi qo‘shma loyihalarni ilgari surish masalalariga alohida eʼtibor qaratdik.

Elchi janoblarining boy diplomatik tajribasi O‘zbekiston–Ozarbayjon ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash va hamkorligimizni yangi amaliy natijalar bilan boyitishga xizmat qiladi”.

Eslatib o‘tamiz, 53 yoshli Rashad Mamedov 2012-2022-yillarda Toshkentdagi elchixonaga rahbarlik qilgan Guseyn Guliyevning o‘rnini egalladi.

Rashad Mamedov 2015-2021-yillarda Ozarbayjonning Qozog‘istondagi, 2021-2022-yillarda esa Turkiyadagi elchisi lavozimida ishlagan.

“Dunyo” AA olgan surat

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish