O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Batumida Gruziya Bosh vaziri va Ajariya Hukumati raisi bilan uchrashdi
Oktabr 23, 2026. 11:00 • 2 daq
• 115TOSHKЕNT, 23-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Batumi shahrida Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze hamda Ajariya Hukumati raisi Zurab Pataradze bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Batumi shahrida Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze bilan uchrashishdan mamnunmiz, – deb yozdi Baxtiyor Saidov telegram-kanalida. – Muloqot avvalida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdik.
Gruziya Bosh vazirining 2025-yil mart oyida O‘zbekistonga rasmiy tashrifi hamda joriy yil iyul oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarimizni yangi bosqichga olib chiqqani ta’kidlandi. Strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiyaning imzolanishi hamkorligimizning muhim tarixiy bosqichi bo‘ldi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro savdo hajmini oshirish hamda transport-logistika sohasidagi qo‘shma loyihalarni ilgari surish masalalariga alohida e’tibor qaratdik.
Mintaqaviy va xalqaro kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi. Shuningdek, Ajariya Avtonom Respublikasi Hukumati raisi Zurab Pataradze bilan ham muloqot qildik.
Gruziya bilan strategik sherikligimizni yanada mustahkamlash va uni amaliy tashabbuslar bilan boyitish borasidagi sa’y-harakatlarimizni izchil davom ettiramiz”.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




