Ozarbayjon elchisi O‘zbekistondagi diplomatik faoliyatini yakunlamoqda

Iyul 07, 2026. 19:59 • 2 daq

129
Ozarbayjon elchisi O‘zbekistondagi diplomatik faoliyatini yakunlamoqda

TOSHKENT, 7-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bugun mamlakatimizdagi diplomatik faoliyatini yakunlayotgan Ozarbayjon elchisi Husayn Guliyevni qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Mamlakatimizdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchisi Guseyn Guliyev janoblari bilan xayrlashuv uchrashuvini o‘tkazdik, – deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining telegram-kanalida. – Elchiga mamlakatimizdagi o‘n to‘rt yillik samarali faoliyati davomida O‘zbekiston–Ozarbayjon o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan beqiyos hissasi uchun samimiy minnatdorlik bildirdik.

Shu yillar davomida u nafaqat Ozarbayjonning O‘zbekistondagi munosib vakili, balki diplomatik korpus duayeni sifatida ham yuksak hurmat va eʼtirofga sazovor bo‘ldi.

Elchining mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlik rishtalarini mustahkamlash yo‘lidagi xizmatlari yurtimizda munosib baholanganini alohida qayd etdik. Davlatimizning yuksak mukofotlari – “Do‘stlik” va “Mehnat shuhrati” ordenlari bilan taqdirlangani ko‘p yillik samarali faoliyatining yuksak eʼtirofidir.

Guseyn Guliyev janoblariga O‘zbekiston–Ozarbayjon hamkorligini rivojlantirish yo‘lidagi fidokorona mehnati uchun yana bir bor samimiy minnatdorlik bildirib, mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat va kelgusi faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz”.

Eslatib o‘tamiz, 22-iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon elchisi Husayn Guliyevni qabul qilgan va ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun uni “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlagan edi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish