O‘zbekistonlik eksportchilar Yevropa bozori talablari bilan tanishtirildi
Sentabr 22, 2026. 14:30 • 1 daq
• 101
RIGA, 22-sentabr. /"Dunyo" AA/. O‘zbekistonning Latviyadagi elchixonasi tomonidan Qashqadaryo viloyati hokimligi ko‘magida mahalliy tadbirkorlar uchun "Yevropaga eksport" mavzusida onlayn seminar-trening tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Muloqotda mamlakatimizning Latviyadagi Savdo uyi rahbari, O‘zbekistonning faxriy konsuli Vladimir Galperin ishtirok etdi.
Asosiy e’tibor o‘zbek mahsulotlarini Latviya va Yevropa Ittifoqi bozorlariga olib kirish talablari hamda shartlariga qaratildi. Xususan, latviyalik mutaxassis tomonidan to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini sertifikatlashtirish, qayta ishlash texnologiyalari, qadoqlash standartlari va ishlab chiqarish texnologiyalarini litsenziyalash bo‘yicha amaliy ma’lumotlar taqdim etildi.
Seminar davomida ishtirokchilar Yevropa mamlakatlariga mahsulot eksport qilish bilan bog‘liq o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
O‘zbekistonning Latviyadagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning sentabr–oktabr oylarida O‘zbekistonning barcha hududlaridan eksportchilarni jalb etgan holda shu kabi seminar-treninglarni o‘tkazish rejalashtirilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi